Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish maqsad qilingan.
Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi ushbu masalalar ijrosi bo‘yicha izchil ishlarni olib bormoqda. Shu bilan birga, bu borada xalqaro hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda “Samarali boshqaruv” dasturi amalga oshirilmoqda.

Dastur doirasida poytaxtimizda “Davlat muassasalarida ijobiy ish muhitini yaratish orqali inson resurslarini to‘g‘ri rejalashtirishda rahbarlarning o‘rni” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda “Milliy kadrlar zaxirasi”ga kiritilgan nomzodlar hamda Agentlik xodimlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar inson resurslarini strategik rejalashtirish tizimini samarali joriy etish, davlat muassasalarida ijobiy ish muhitini yaratish va rahbarlarning bu jarayondagi o‘rni haqida xalqaro tajribalar bilan tanishdi. Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish va boshqaruv samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xorijiy ekspertlar tashrif doirasida qator uchrashuv va amaliy muhokamalar o‘tkazishi ham rejalashtirilgan.
N.Abduraimova, O‘zA