Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson qo‘l ostidagi va tabiatdagi har bir hayvon uchun ham mas’ul
15:05 / 2023-10-04

4 oktyabr – Butunjahon hayvonlarni himoya qilish kuni

Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi insonlarning jonivorlarga ozor berib yoqib yuborgani, yovvoyi hayvonlar qishloqlarni oralab kirsa, uni o‘ldirish, zarar yetkazish holatlariga duch kelamiz.

Aslida bunday ishlar tabiatning bir bo‘lagini yo‘q qilish bilan barobar ekanini tushunib yetmaymiz. O‘ylaymizki, bir zararkunandani bartaraf etish bilan tabiatga ozor yetib qolmaydi, deb... Vaholanki, hayvonlarni himoya qilish, insonda tabiat jonivorlariga mehr uyg‘otish maqsadida “Inson bo‘l!» shiori ostida turli targ‘ibot taxtalariga ko‘zimiz tushgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra so‘nggi chorak asr davomida sayyoramizning biologik xilma-xilligi 30 foizga qisqargan. Xalqaro Yovvoyi tabiatni himoya qilish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, har kuni yer yuzidan jonivorlarning 3 tadan turi yo‘qolib ketmoqda. 

Tabiatga insonlar yondashuvini o‘zgartirish, mehr tuyg‘ulariga hayvonlar ham muhtoj ekanini hisobga olib, 1931 yilda Italiyaning Florensiya shahrida Xalqaro tabiatni himoya qilish harakati faollari tashabbusi bilan 4 oktyabr – Butunjahon hayvonlarni himoya qilish kuni sifatida ta’sis etildi.

Shu bois, ko‘plab mamlakatlarda ushbu kunda hayvonlarni himoya qilish jamiyatlari tomonidan turli targ‘ibot aksiyalari, ommaviy tadbirlar o‘tkazib kelinadi. Maktablarda hayvonot dunyosini asrash bo‘yicha darslar o‘tkaziladi.

Bugungi kunda hayvonot olamining ko‘plab turlari butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida. Olam uchun esa har bir jonzotning o‘rni beqiyos. Inson qo‘l ostidagi va tabiatdagi har bir hayvon uchun mas’uldirki, ular odamlarga qaram qilib qo‘yilgan.

Abdulaziz Rustamov, O‘zA