Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan yangi bosqich
09:19 / 2025-12-14

Oilaviy shifokor huzurida navbatda turgan bemorning bir og‘iz gapi butun islohotning ruhini ifoda etadi:

“Yuqori qon bosimi bilan 10 yil yashadim. Dori ham, qo‘rquv ham doimiy sherigim edi. Endi esa men doriga bog‘liqligimdan emas, qo‘rquvimdan ozod bo‘ldim… Sababi esa menga rembursatsiya doirasida bepul dorilar berilmoqda”.

Yuqori qon bosimi bilan o‘n yil yashagan odam uchun bu so‘zlar orqasida uyqusiz o‘tgan tunlar, g‘amli o‘ylar, «dorim tugab qolsa-chi?» degan iztiroblar turadi. Rembursatsiya doirasida bepul berilgan dorilar har bir bemor uchun ertangi kunga ishonch bo‘ldi.

Shu o‘rinda Davlat tibbiy sug‘urtasi haqida so‘z ochilsa, ko‘pchilik hissiyotdan ko‘ra, raqamlarni ko‘proq tasavvur qiladi. Amalda esa shifokorlarning mas’uliyatini  oshirish bilan birga odamlarga inson qadri degan davlat pozitsiyasini anglatish namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 sentyabrda “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori fuqarolar hayotida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, Davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish nafaqat huquqiy hujjatlar yoki elektron tizimlar almashinuvi, balki butun boshli o‘zgarishlarni talab qiladi.

Birgina Xorazm viloyati misolida tahlil qiladigan bo‘lsak,  2025 yil  viloyat sog‘liqni saqlash tizimi uchun  yangilanish va o‘zgarishlar yili bo‘ldi.

Xorazmda joriy etilgan bu mexanizm bir yil ichida bir qator o‘zgarishlarga turtki berdi. Davlat tibbiy sug‘urtasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda viloyatda 51 ta tibbiyot muassasasi Jamg‘arma bilan shartnoma imzolab, yangi moliyalashtirish modeliga o‘tdi. Yangi tizimga ko‘ra, oilaviy poliklinikalar — biriktirilgan aholi soniga ko‘ra, shifoxonalar esa 85 foiz avans hamda amalga oshirilgan davolangan holat uchun moliyalashtirilmoqda.

Bu esa bir narsani anglatadi: muassasa qanchalik sifatli va standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatsa, shunchalik ko‘proq daromad topadi. Bu nafaqat iqtisodiy formula — balki tizim adolati.

Reimbursatsiya dasturi — bepul dori vositalari berish aholining eng ko‘p kutgan islohotlaridan biri. Xorazmda 7 ta asosiy kasallik bo‘yicha 108 ming bemorga berilgan 6,8 milliard so‘mlik dori vositalari xarajatini Jamg‘arma qoplab berdi. Bu esa yuqori qon bosimi, diabet, bronxial astma kabi umrbod davolash talab qiladigan kasalliklar bilan yashovchi insonlar uchun  muhim. Endi  «pul topilsa, olinadi» degan gaplar aytilmaydi.

Onkologiya kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha ko‘rsatkichlar sezilarli darajada yaxshilandi. Xususan, joriy yil bachadon bo‘yni saratonini skrining qilish qamrovi 83,8 foizni, ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha ko‘rsatkich 81,6 foizni tashkil etdi. Shuningdek, qandli diabet, xolesterin miqdori va yurak-qon tomir kasalliklari xavflarini erta aniqlash ko‘rsatkichi o‘rtacha 87 foizga yetdi. Bu shunchaki raqamlar emas. Ma’lumki, onkologiyada har bir erta aniqlangan kasallik  bir oiladagi fojianing oldini oladi, bir bolani onasini saqlab qoladi, bir otaga umr ulashadi.

Yangi tizimda ambulator davolash mumkin bo‘lgan bemorni shifoxonaga yotqizmaslikka e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda bu borada ham bir qator yutuqlarga erishildi. Xususan, asossiz yotqizish — 35 foizdan 6 foizgacha pasaydi. Demak, shifokorlarda mas’uliyat oshdi, oilaviy poliklinikaga murojaatlar ko‘paydi. Chunki, odamlar profilaktikani anglay boshladi. O‘tkir infarkt, insult, gipertonik kriz bilan gospitalizatsiyalar kamaydi.

Demak, tizim ishlayapti. Gospitalizatsiyalar kamaygani esa ambulator xizmat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Bu butun mamlakatda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan yangi bosqichning yaqqol isbotidir. 

M.Hojiakbarova, O‘zA