Bilamizki, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda inson qadr-qimmati, uning manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash, tadbirkorlik va ishbilarmonlikni yanada rivojlantirish, ta’lim va tibbiy xizmat sifatini oshirish, qisqacha aytganda, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini yangi bosqichga olib chiqishni o‘zida aks ettirgan «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmon imzolangandi.
7 ta yo‘nalish, 100 ta maqsaddan iborat Taraqqiyot strategiyasi barcha uchun, davlat xizmatchisidan tortib, oddiy fuqarolar uchun ham muhim hisoblanadi. Buni amalga oshirishda birinchi galda albatta, davlat xizmatchilarining oldida katta vazifalar belgilangan.
«Inson qadri uchun» tamoyili asosida tayyorlangan ushbu strategiyaning pirovard maqsadi barcha sohalarni rivojlantirish orqali xalqimizning farovonligini oshirish va kundalik hayotidagi muammolarni hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Birgina inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, mahalla instituti faoliyatining samaradorligi oshirilib, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish, yangi institut sifatida joriy qilingan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilarining samarali faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish, mahallalar moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish, davlat organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta’minlash, aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni raqamlashtirish, davlat ijtimoiy xizmatlarini bevosita mahallada ko‘rsatish va mahallalarni o‘sish nuqtalarini aniqlashga erishilmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bugun mahalla hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda. Mahalla instituti muammoni joyida hal qiluvchi organga aylanib bormoqda.
Bundan tashqari, birinchi yo‘nalishda Xalq deputatlari kengashlari rolini oshirish borasida ham bir qator vazifa va maqsadlar belgilangan edi. Masalan, mahalliy kengashlarni ijro organlari faoliyati ustidan nazoratini kuchaytirish, mahallalardagi muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirish va nazorat qilishda kengashlar mas’uliyatini oshirish, doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlik korpusini shakllantirishga qaratilgan masalalar belgilanganini ko‘rish mumkin.
Keyingi bosqichda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish ham nazarda tutilgan. Bilamizki, avval joylarda muammo ko‘tarilganda, mahalliy davlat hokimiyat organlari moliyaviy imkoniyatlari cheklangan bo‘lardi. Ayni shu maqsad orqali mana shu muammoni hal qilish imkoniyati yaratildi. Aynan moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, jamoatchilik oldidagi hisobdorligi ham oshirildi.
Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini «fuqaroga xizmat qilishga yo‘naltirish» tamoyili asosida transformatsiya qilish orqali davlat idoralari faoliyatining barcha yo‘nalishlarini «Davlat — xalq xizmatchisi» tamoyili asosida fuqaroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilayotganligi ham aholi manfaatlarini o‘ylab amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol namunasidir.
Bu orqali amaldagi davlat boshqaruvi tizimini qayta ko‘rib chiqish, davlat organlari shtat birliklarini oshirishga cheklov o‘rnatish, kadrlar va moddiy resurslardan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada byurokratiyaning oldi olinib, masalalarni tezkor hal qilish imkoniyati ta’minlanmoqda.
Ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish deb nomlangan galdagi maqsad zamirida vazirlik va idoralar mustaqilligini oshirish, qarorlarning samarali ijro etilishini ta’minlash kabi masalalar qo‘yilgan. Bu orqali ham joylarda muammolarni tezkor hal etishga erishilmoqda.
Yana bir masala sifatida Davlat boshqaruvi tizimida ma’muriy apparatni ixchamlashtirish va ish jarayonlarini maqbullashtirish keltirilgan. Uning ijrosi bevosita yuqoridagi maqsadlar bilan bog‘liq holda amalga oshirilmoqda. Bunda xususiy sektorga o‘tkaziladigan davlat funksiyalarini 3 barobarga oshirish maqsad qilingan.
Ayni yo‘nalishda Parlament faoliyatini takomillashtirish ham alohida ko‘rsatilgan. Ya’ni mamlakatdagi islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish nechog‘li muhimligini qisqa vaqtda ko‘rib, guvoh bo‘lyapmiz. Masalan, davlat boshqaruvida muhim bo‘lgan qarorlar Parlamentda qabul qilinmoqda. Bu orqali Parlament vakolatlari kengaytirilib, qabul qilinayotgan qonunlar ijrosi ta’minlanishiga erishilmoqda.
Shuningdek, norma ijodkorligi jarayonini modernizatsiya qilib, qonunchilik hujjatlarining qat’iy ijrosi bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda. Bundan tashqari,«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini 100 foizga yetkazish hamda byurokratiyani bartaraf etish orqali aholiga qulaylik yaratilyapti. Inson omilini kamaytirishga erishilmoqda.
Davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish ham strategiyadagi muhim vazifa bo‘lib, bunda ayniqsa, kadrlarning tanlov asosida ishga qabul qilinayotganini, davlat xizmatchilari va davlat organlari faoliyatini KPI asosida baholash masalasiga alohida e’tibor berilayotgani ham davlat xizmatchilarining o‘z ustida doimiy ishlashiga turtki bo‘lmoqda. Ayni shu maqsad asosida eng yaxshi kadrlarni saralab olib, milliy kadrlar zaxirasi shakllantirib borilmoqda. Qolaversa, xalq bilan muloqotning mexanizmlarini va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish ham birinchi yo‘nalishdagi asosiy maqsadlardan hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, strategiyada belgilangan vazifalar ijrosi o‘tgan qisqa muddatda o‘zining ijobiy samaralarini ko‘rsata boshladi.
Maryam Abdukarimova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining
Toshkent shahar filiali bosh inspektori,
iqtisodiyot fanlari nomzodi