Ijtimoiy himoya — bu faqat nafaqa yoki moddiy yordam emas. Bu avvalo insonni tinglash, uning dardini anglash va hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilishga ko‘mak berish demakdir. Sirdaryo tumanidagi “Tadbirkor” mahallasida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy xodim Venera Alimqulova ana shu tamoyilni o‘z hayotining mazmuniga aylantirgan.
– Ijtimoiy himoya faqat moddiy yordam bilan cheklanib qolmaydi, – deydi u. – Ko‘pchilik qayerga murojaat qilishni, qaysi hujjatni qanday rasmiylashtirishni bilmaydi. Biz esa fuqaroning oldiga o‘zimiz boramiz, muammosini tinglaymiz, hujjatlarini to‘g‘rilashga ko‘maklashamiz va tegishli idoralarga yo‘naltiramiz. Eng muhimi, inson o‘zini yolg‘iz his qilmaydi.
So‘nggi bir yil davomida Venera Alimqulova 285 nafar fuqaroga turli yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatgan. Xususan, 35 ta holatda moddiy yordam, 11 ta holatda tibbiy-ijtimoiy xizmat, 10 ta holatda huquqiy yordam, 14 ta holatda psixologik ko‘mak tashkil etilgan. Shuningdek, 14 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, ular uchun barqaror daromad manbai yaratilishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Uning faoliyati ijtimoiy xodimlik kasbining asl mohiyatini yaqqol namoyon etadi. Chunki bu kasb faqat hisobot va raqamlar bilan o‘lchanmaydi. Har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila tashvishi, umid va ishonch mujassam.
– Men uchun ijtimoiy xodimlik kasb emas, avvalo mas’uliyat, – deydi Venera Alimqulova. – Agar bir oilada muammo hal bo‘lsa, bir insonning hayoti yengillashsa, demak, mehnatim zoye ketmagan.
Ayni paytda “Tadbirkor” mahallasida 2 749 nafar aholi, 812 ta oila istiqomat qiladi. Ular orasida 51 ta kam ta’minlangan oila, 45 ta bolalar nafaqasi oluvchi oila, 108 ta ijtimoiy nafaqa oluvchi oila, shuningdek, nogironligi bo‘lgan 108 nafar shaxs hamda 4 nafar yolg‘iz yashovchi fuqaro mavjud. “Kambag‘al oilalar reyestri”da esa 50 ta oila qayd etilgan.
Har bir murojaatga individual yondashish, muammoni o‘z vaqtida hal etish va inson qadrini ulug‘lash ijtimoiy xodim faoliyatining asosiy qimmati hisoblanadi. Bu jarayonda mahalla kesimida davlat bilan fuqaro o‘rtasida ishonchli ko‘prik yaratilayotgani alohida ahamiyat kasb etadi.
Aynan shunday yondashuv orqali davlat tomonidan ajratilayotgan ijtimoiy yordamlar haqiqiy ehtiyojmandlarga manzilli yetib bormoqda. Bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlab, inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilmoqda.
G‘. Primov, O‘zA muxbiri