BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyoda deyarli har to‘qqiz odamning biri to‘yib ovqatlanmayapti. Sayyoramiz aholisining 30 foizidan ziyodi to‘laqonli ravishda ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosini boshidan kechirmoqda. Bu 160 milliondan ortiq bola bo‘yining o‘sishi, jismoniy va intellektual rivojlanishiga doir kamchiliklardan aziyat chekishiga sabab bo‘lmoqda.
Dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda yetakchi bo‘lgan ayrim davlatlar o‘z xavfsizligidan kelib chiqib eksportga cheklovlar kiritmoqda va bu transport-logistikadagi uzilishlarni paydo qilyapti. Natijada bozorlarda ayrim mahsulotlar narxi keskin oshib ketmoqda. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi mumkin. Shu bois, bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barcha davlatlar uchun strategik maqsadga aylandi.
Aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqatga sarflanadigan mamlakatimizda ham ushbu masalaga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Mahsulot yetishtirishni ko‘paytirib, avvalo bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash ortganini eksportga yo‘naltirish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, yil boshida paxta va g‘alla maydonlarining 80 ming gektari qisqartirilib, aholi uchun ajratildi. Odamlarga urug‘, ko‘chat va o‘g‘itdan yordamlashish bo‘yicha “Tomorqa xizmati” yo‘lga qo‘yildi va mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning o‘zida 400 milliard so‘m miqdorda imtiyozli kreditlar berildi. Natijada mahsulot yetishtirish ko‘payib, narxlar tartibga tushmoqda. Bundan tashqari, o‘tgan olti oyda 821 ming tonna meva-sabzavot eksport qilindi. Bu 2021 yilning mos davriga nisbatan 102 ming tonnaga ko‘p.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlardan yana bir pirovard maqsad ishsizlikni qisqartirishdir. Chunki dunyo aholisining 40 foizi tirikchilik qiladigan qishloq xo‘jaligi eng katta ish beruvchi tarmoq hisoblanadi.
O‘zbekistonda shu yilning o‘zida ekin maydonlari qisqartirilishi hisobiga aholiga ajratilgan yerlarda 785 ming kishining bandligi ta’minlandi. Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida yil yakunigacha yana 20 ming gektar, kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholi uchun ajratilishi belgilandi. Bu orqali qo‘shimcha 1 million 200 ming aholini band qilish uchun sharoit yaratiladi.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo suv xavfsizligi energiya, oziq-ovqat va atrof-muhit bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan mintaqalardan biri hisoblanadi. Bu esa har bir tomchi suvdan unumli, maqsadli va samarali foydalanishni taqozo etadi. Joriy yildagi yog‘ingarchilik hisobiga ayrim hududlarda suv zaxirasi 20 foizga ko‘paygan bo‘lsa-da, ba’zi joylarda suv ta’minotida qiyinchiliklar paydo bo‘ldi.
Videoselektorda ushbu masalaga ham e’tibor qaratilib, suv ta’minoti og‘ir mahallalarda katta quduq qazish xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 150 million so‘mgacha oshirilishi belgilandi. Shuningdek, quduq qazishga gidrogeologik xulosalar 2025 yilga qadar bepul beriladigan bo‘ldi.
Yig‘ilishda xalqimiz kutayotgan yana bir muhim masala muhokama qilinib, tegishli vazifalar belgilandi. Jumladan, Adliya vazirligiga kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasi ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Yangi qonun qabul qilinguniga qadar bu uylarga uch karra oshirilgan soliq qo‘llash tartibi to‘xtatib turiladi.
Ta’kidlash lozim, kadastr hujjatlari yo‘q 2 million 600 mingta xonadonni ancha vaqtdan buyon ushbu masala qiynab kelayotgan edi. Chunki uy egalari hujjati yo‘qligi bois, tomorqasi uchun na kredit, subsidiya olardi, na uyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olardi. Kamiga kadastri bo‘lmagani uchun 3 karra miqdorda yer solig‘i to‘lardi.
Ma’lumki, uch yil avval aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha bozor tamoyillariga asoslangan yangi ipoteka tizimi joriy etilgan edi. Natijada, o‘tgan besh oyda ipoteka kreditlari hajmi 2,5 baravarga oshib, 310 mingdan ziyod oila shaxsiy uy-joyga ega bo‘ldi. Uy-joy qurilish hajmi ham 3 baravar oshdi. Lekin ipoteka kreditlarining cheklangan hajmi va subsidiya ajratishda byurokratiya bo‘yicha aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlar bildirilmoqda. Yig‘ilishda shu bois, 1 sentyabrdan boshlab aholi daromadining kreditga yo‘naltiradigan qismini soliqdan ozod qilish chegarasini oshirish, ipoteka kreditini ajratishda aholi daromadlari bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Albatta, bunday chora-tadbirlar yurtimizda haqiqiy ma’noda inson qadri ulug‘lanayotganidan dalolatdir.
Videoselektorda yer unumdorligini oshirish, takroriy ekinlarni joylashtirish orqali mahsulot yetishtirishni yanada ko‘paytirish, dehqon va fermerlar, klasterlar faoliyatini yanada jonlantirish, ularning mustaqil ishlashlariga sharoitlar yaratish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. Tegishli idoralarga ko‘rsatmalar berildi. Oldinda hali eng qiyin va og‘ir islohotlar turgani ta’kidlanib, hamma o‘zgarishi, ish uslubini ham tubdan o‘zgartirishi lozimligi ta’kidlandi.
Zafar ABDIRIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi
O‘zA