Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson qadrini ulug‘lash eng muhim mezon
09:38 / 2024-06-13

Bugun inson qadrini ulug‘lash, huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimiz siyosatining bosh maqsadiga aylangan. Buni so‘ngi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samaralari misolida ham ko‘rish mumkin.

Xususan, odamlarni hayotdan rozi qilish, o‘n yillar davomida ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish, xalq manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yish birlamchi vazifaga aylandi. Chuqur tarixiy ildizlarga ega inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi – Yangi O‘zbekistonni yuksak marralarga olib chiqmoqda.

Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida o‘z ifodasini topgan yettita ustuvor yo‘nalishning birinchisi – inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etishga bag‘ishlanganida ham o‘ziga xos hikmat bor.

Inson qadrini ulug‘lash yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashni nazarda tutadi. Bugungi kunda shu maqsadlarni amalga oshirishda hayotimizga yangi tushunchalar kirib kelyapti. “Ijtimoiy davlat”, “yangi ma’naviy makon”, “ma’rifatli jamiyat” kabi atamalar shular jumlasidandir. Bugungi kunda dunyoda kechayotgan global muammolarga qaramay, O‘zbekistonda yaratilgan va yaratilayotgan keng imkoniyatlarni ilgari tasavvur ham qilmasdik. Har kuni, har soatda yangidan-yangi korxonalar ochilmoqda, yangi texnologiyalar kashf etilmoqda, yangi ta’lim, ilm-fan, ma’rifat, madaniyat va ma’naviyat maskanlari qad rostlamoqda. Bu esa, o‘z navbatida millatning ilm-ma’rifati oshib, farovonligi yuksalib borishiga imkon yaratmoqda.

Jahon tajribasidan ma’lumki, eng ishonchli va samarali sarmoya – inson kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiyadir. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz.  Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz”. Prezidentimizning mazkur sohalarga doimiy e’tibor qaratayotganligidan, yo‘naltirilayotgan sarmoya, sarflanayotgan kuch-g‘ayratning muttasil oshib borishi natijasida jamiyatning qolgan barcha tarmoqlari harakatga kelib, rivojlanishi tobora jadallashmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida keng ommalashayotgan bilim olish, o‘qib-o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq, intilish va ishonch bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning, xususan, ta’lim tizimidagi, ilm-fan va iqtisodiyot sohalaridagi yuksalishning boshlanishidir.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilanganidek, 2026 yilgacha yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Davlat-xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli talabalar turar joyining barpo etilishi ham yaratiladigan qo‘shimcha imkoniyatlar sirasiga kiradi. Shu bilan birga, masofaviy ta’lim shaklini joriy etish orqali yoshlarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi. Qabul parametrini shakllantirish va tasdiqlashni soddalashtirish, ushbu jarayonda oliy ta’lim muassasalari vakolatini kengaytirish nazarda tutilgani oliy ta’lim dargohlarining mustaqilligini kengaytirishga xizmat qiladi.

Jumladan, to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini oliy ta’lim muassasalari tomonidan belgilash tartibini joriy etish, 2026 yilda qabul ko‘rsatkichini kamida 250 mingga, oliy o‘quv yurtlari sonini esa 200 taga yetkazish mo‘ljallangan. Inson qadrini, Vatanimizning nufuzini yanada yuksaklarga ko‘tarish, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini yaratishdek ulug‘vor maqsadlarga xizmat qiladigan bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Jahonda raqobat tobora kuchayib borayotgan bir paytda strategik bosh maqsad – milliy taraqqiyot istiqbolining to‘g‘ri belgilanishi xalqimizning katta baxtidir. Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish sari yo‘l tutilgani Yangi O‘zbekistonning eng rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi, xalqimiz farovonligining yanada yuksalishida muhim omil bo‘ladi.  

Shohida Shokirova,

Jahon iqtisodiyoti