1992 yil 14 oktyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi bir qarashda oddiy tuyulgan, ammo jahon hamjamiyati tafakkurini tubdan o‘zgartirgan muhim qaror — 47/3-sonli rezolyutsiyani qabul qildi. Unga muvofiq, 3 dekabr – “Xalqaro nogironlar kuni” deb e’lon qilindi. Shundan beri bu sana dunyo davlatlarini bir nuqtada — inson qadri, tenglik va insoniylik g‘oyasi atrofida birlashtiradi. Har yili ushbu kun nogironligi bor insonlarning hayot yo‘li, imkoniyatlari, muammolari va eng asosiysi, ularning jamiyat rivojidagi o‘rni haqida olamni o‘ylashga chorlaydi. Bu kun ehson yoki qisman yordam haqida emas, balki huquq, qadr va imkoniyatlar to‘g‘risidagi ochiq va dadil mulohazalar maydonidir.

Dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham bu sana oddiy kun sifatida nishonlanmaydi. Ayniqsa, 2018–2025 yillarda yurtimizda nogironligi bor shaxslar hayotini yaxshilashga qaratilgan islohotlar keng va chuqur ko‘lamda amalga oshirildi. Bugungi kunda mazkur sana nafaqat rasmiy bayram, balki yangilanish, insonparvarlik va jamiyat tafakkurining o‘sish ramziga aylangan. Chunki shu davrda amalga oshirilgan ijtimoiy, huquqiy, ta’lim va bandlikka oid islohotlar nogiron inson hayotida to‘siqlar emas, balki imkoniyatlar eshigini ochdi.
2018 yilda oliy ta’lim muassasalariga qabulda nogironligi bor yoshlar uchun alohida davlat granti kvotasining joriy etilishi, shubhasiz, inklyuziv ta’limning mustahkam poydevoriga aylandi. Bu tarixiy qadam har bir yoshga, imkoniyatidan qat’i nazar, bilim olish insonning tub huquqi ekanini yana bir bor tasdiqladi.
2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun esa sohadagi siyosatni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tardi. Endilikda nogironligi bor insonga nisbatan munosabat yordam sifatida emas, balki huquq darajasida qaralmoqda. 2021 yilda O‘zbekistonning BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishi ana shu siyosatni xalqaro mezonlar bilan uyg‘unlashtirib, amalga oshirilayotgan islohotlarga mustahkam huquqiy asos yaratdi.
2021–2023 yillar davomida qabul qilingan Prezident farmon va qarorlari reabilitatsiya, ijtimoiy himoya, tibbiy xizmatlar, davlat idoralaridan navbatsiz foydalanish, uy sharoitidagi parvarish kabi muhim yo‘nalishlarda keng imkoniyatlar ochdi. Ayniqsa, ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar — hujjat topshirishdan tortib test sinovlarigacha bo‘lgan jarayonlarni moslashtirish, Brayl shriftidagi materiallarni taqdim etish, zarur hollarda yordamchi shaxs xizmatini joriy qilish — yurtimizda “ta’lim barcha uchun” g‘oyasi amalda real mazmunga ega bo‘layotganini ko‘rsatdi.
2023–2025 yillarda nogironligi bor insonlarning bandligini ta’minlash, mehnat bozorida munosib o‘rin topish imkoniyatini oshirish maqsadida korxonalarga subsidiya va imtiyozlar berildi. Bu nafaqat ijtimoiy himoya, balki iqtisodiy faollikka keng yo‘l ochdi. Nogironligi bor inson mehnat qila oladi va jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkinligi haqidagi g‘oya endi shior emas hayotiy reallikdir.
Eng katta o‘zgarish esa qonunlarda emas, balki jamiyat ongida yuz bermoqda. Nogironligi bor insonga “ayniqsa, himoyaga muhtoj” emas, balki “samarali, qobiliyatli va faol jamiyat a’zosi” sifatida qarash shakllanmoqda. Inklyuziv muhitning shakllanishi faqat arxitektura yoki infratuzilma masalasi emas — bu yurak, tafakkur va qadriyatlar masalasidir.
3 dekabr — “Xalqaro nogironlar kuni” bizga bir haqiqatni yana bir bor eslatadi: inson qadri ulug‘langan joyda hech kim chetda qolmaydi. Nogironligi bor insonning rejalari, orzulari, hayoti va baxti — bizning umumiy mas’uliyatimiz. Agar biz 2018–2025 yillarda boshlangan yo‘ldan qat’iyat bilan davom etsak, O‘zbekistonda nogironlik to‘siq emas, balki insonga munosib sharoit yaratiladigan va imkoniyatlar kengayib boradigan haqiqiy taraqqiyot yo‘lining muhim qismiga aylanadi.
Hilola Yusupova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.