Munosabat
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzusidagi III xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqi jamiyatimizda yangi siyosiy madaniyat, xalqparvarlik tamoyili va iqtisodiy taraqqiyotning amaliy yo‘llarini yana bir bor oydinlashtirib berdi. Bu nutq shunchaki rasmiy bayonot emas, balki xalq dardini o‘ziga dard deb bilgan yurt rahbarining yuragidagi so‘zlari edi.
Kambag‘allik — faqat iqtisodiy ko‘rsatkich emas, balki ijtimoiy muammo. Uning bartaraf etilishi esa yurt tinchligi, jamiyat barqarorligi va kelajak avlodga yaratiladigan munosib hayotning asosi hisoblanadi. Prezidentimiz bu muammoni xalqaro maydonda ko‘tarib chiqib, uning yechimi faqat markazlashgan mablag‘ emas, balki mahalladan boshlanadigan, insondan boshlanadigan, hayotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiluvchi islohotlarda ekanini alohida ta’kidladi.

Bu galgi nutqning eng katta farqi — amaliy yondashuvda, xalq ichiga tushgan mexanizmlarda, natijalar bilan gapirilishida bo‘ldi. Masalan, o‘tgan uch yilda 7,5 million fuqaroning kambag‘allikdan chiqqani statistika emas, balki hayotning o‘zgarganini ko‘rsatuvchi faktdir. Bu shunchaki hisobotlar emas, xalqimiz bugungi turmushida, farzandlarining ertangi kunida ko‘rinayotgan ijobiy o‘zgarishlardir.
Prezidentimiz nutqida ta’kidlanganidek, “har bir inson qadrli”, “har bir oila muhim” degan tushuncha endi qonun-qoidalarda emas, amaldagi davlat siyosatining o‘zagida turibdi. Har bir mahallaga individual yondashuv, aniq ma’lumotlar asosida ish yuritish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi mexanizmlar orqali muammolarning manbasini aniqlash bugungi islohotlarning tag-zamirida chuqur fikr va haqiqiy xalqparvarlik yotadi.
Bugungi Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy siyosat nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarga, balki inson qadriga, uning orzu-umidlari, izlanishi va intilishlariga qarab shakllanmoqda. Davlatimiz rahbari yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish, zamonaviy bilimlarni berish, oliy ta’limda imkoniyatlar eshigini ochish borasida aniq chora-tadbirlarni belgilar ekan, bu faqat yoshlarni emas, balki butun oilalarni qo‘llab-quvvatlash siyosati ekanini xalqaro jamoatchilik e’tirof etayapti, kerak bo‘lsa, undan andoza olayapti.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, uni raqamlashtirish va samaradorlikni oshirishning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, haqiqiy ehtiyojmandlarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish kambag‘allikni qisqartirishdagi asosiy vazifalardan biridir. Bu jarayonda to‘g‘ri axborot va aniq statistika juda muhim bo‘lib, u yordamni “qolidan” emas, balki “qo‘ldan ushlab turish” tamoyili asosida taqdim etish imkonini beradi.
Shu ma’noda, ijtimoiy yordamlar tizimini raqamlashtirish orqali nafaqat shaffoflik ta’minlanmoqda, balki yordam manzilli va samarali taqsimlanishi uchun muhim shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa xalq farovonligini oshirish va ijtimoiy adolatni ta’minlashda eng muhim ustuvorlik kasb etmoqda. Ushbu yondashuv jamiyatimizda haqiqiy ehtiyojmandlarga aniq yordam ko‘rsatishga, soxta talab va talon-toroj holatlarining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini yanada samarali boshqarishga oid Prezident vazifalari ijtimoiy farovonlikka erishishda yangi bosqich hisoblanadi. Bunda davlat organlari va jamoatchilikning hamkorligi, xususiy sektorning qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Biz barchamiz ushbu siyosatni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etishimiz kerak, chunki har bir oila, har bir insonning farovon kelajagi yo‘lidagi muhim qadamdir.
Biz — deputatlar, bu boradagi vazifalarni yurtimizning istiqbolini belgilab beradigan siyosiy dastur sifatida qabul qilamiz. Zero, ularni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etish, xalq bilan muloqotda bo‘lish, muammoni o‘z joyida hal qilishda tashabbuskor bo‘lish bugungi kunda har bir saylangan vakilning burchi va mas’uliyatidir.
Yangi O‘zbekiston siyosatida belgilab berilgan har bir vazifalar shunchaki yuqori minbarlarda qolib ketmaydi. Ular harakatga aylanmoqda, qarorga aylanmoqda, natijaga aylanmoqda. Bu natijalar xalqimiz hayotida, mahallalarda, ish joylarida, maktab va bog‘chalarda, bozor va hovlilarda namoyon bo‘lmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” — shunchaki shior emas, balki bugungi Yangi O‘zbekistonning strategiyasi, xalqaro imiji va eng muhimi — har bir fuqaro uchun umid va harakat manbai bo‘lib qolmoqda.
Hilola YUSUPOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.