Yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir insonning qalbida 31 avgust va 1 sentyabr kunlari alohida iftixor, faxr va mas’uliyat tuyg‘usi jo‘sh urishi tabiiydir.
Zero, bundan 34 yil avval Vatanimiz tarixida yangi davr – milliy davlatchilik va xalq manfaatlari ustuvor bo‘lgan mustaqil taraqqiyot yo‘li boshlangan edi. Har yilgi bayram arafasida inson, uning hayoti, qadri va orzu-umidlari alohida e’tibor markazida bo‘lishi esa bu tarixiy yo‘l nechog‘li ezgu maqsadlarga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.

Jizzax viloyatining Zomin tumanida ham O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Umummilliy birdamlik festivali” doirasida “Inson qadri” ijtimoiy-ma’rifiy loyihasi hayotga tatbiq etildi. Bu loyiha nafaqat bayramona ruhni kuchaytirish, balki odamlar o‘rtasidagi ishonch, bag‘rikenglik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga qaratildi.

Tumandagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar, ustoz-shogird uchrashuvlari hamda milliy qadriyatlarni ulug‘lovchi madaniy dasturlar xalqimizning yuksak ma’naviyati, ma’rifatga chanqoqligi va millat kelajagiga bo‘lgan mas’uliyat tuyg‘usini yana bir bor namoyon etdi. Har bir suhbat, har bir tadbir odamlarning qalbiga oydinlik, yuragiga ishonch va yuziga tabassum bag‘ishladi. Bu — mustaqillikning, erkin fikr va inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyatning bevosita samarasidir.

Shu kuni mahallada yana bir quvonarli voqea ro‘y berdi — Mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino foydalanishga topshirildi. Ushbu zamonaviy inshoot nafaqat mahalla faollarining ish joyi, balki aholi bilan ochiq muloqot, huquqiy maslahatlar, yoshlar va nuroniylar uchun ma’naviy maskan vazifasini bajaradigan muhitga aylandi. Zamonaviy binoda yig‘ilishlar zali, murojaatlar qabulxonasi, yoshlar va keksalar uchun mo‘ljallangan alohida xonalar mavjud bo‘lib, ular fuqarolarning davlat va jamiyat bilan yanada yaqin aloqada bo‘lishini ta’minlaydi.
Bu — mahallabay ishlash tizimidagi tub o‘zgarishlar, inson hayotini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning amaldagi namunasidir. Ochilish marosimida ishtirok etgan tuman hokimligi va jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bu imkoniyat uchun samimiy minnatdorlik bildirib, kelgusida mahalla rivojiga yanada katta hissa qo‘shish niyatida ekanliklarini ma’lum qildilar.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari