Mustaqillik yillarida yangi o‘zbek milliy huquqiy tizimi tubdan shakllandi. Ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan demokratik davlatning konstitutsiyaviy va huquqiy asoslari yaratildi.
Inson huquqlariga oid qonunlar tizimi barpo etildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining II-bob, 13-moddasida ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”. 1995 yil 23 fevral kuni MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda Ombudsman instituti joriy etildi. Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga xalqaro standartlarni tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o‘z modeli, insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi monitoringi milliy tizimi shakllantirildi.
Yurtimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, adolatni qaror toptirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bugun BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilib, qo‘llab-quvvatlanmoqda. Insonni ulug‘lash uni muhofaza qilish va har tomonlama kamol toptirish yangi O‘zbekistonning asosiy g‘oyasiga aylantirildi. Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning samarali mexanizmini yaratish, inson huquqlari madaniyatini shakllantrish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ijro etish maqsadida 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-sonli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmoni tasdiqlandi.
Ushbu hujjatning tayyorlanishi jarayonida 50 dan ortiq davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim qilingan 200 dan ziyod taklif va mulohaza hisobga olindi. Farmonga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ma’lumki, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda Ombudsman institutining roli beqiyos. Xususan, yangi O‘zbekiston sharoitida inson qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida tarannum etilar ekan, bu boradagi islohotlar jahon hamjamiyatining ham e’tiborini jalb etmoqda. Mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 26.06.2021 yil 26 iyundagi PF-5163-sonli “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori e’lon qilingan edi.
Mazkur qarorga muvofiq, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va ularning asosiy vazifalari ko‘rsatib berildi. Ombudsman tomonidan har yili 15 martga qadar Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruzani taqdim etish va uni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilab berildi.
Ombudsman institutining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirish, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlarini va hududlardagi ishtirokini kengaytirish, Ombudsman faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi PF-6312-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilingan.
Unda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish belgilangan. Shuningdek, nson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini, shu jumladan ularning buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish orqali ta’minlash, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish nazarda tutilgan.
Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan holatlar haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda tekshirish, aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Mazkur farmon bilan Ombudsmanning joylarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari lavozimlari joriy qilindi ularning asosiy vazifalari belgilab berildi. Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» da inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston strategiyasining maqsadi – yurtimizning baxtli va barkamol insonlar farovon yashaydigan, ijtimoiy adolat tamoyillari to‘liq qaror topgan, dunyoning rivojlangan, barqaror o‘sayotgan va inson kapitali yuqori bo‘lgan demokratik davlatlari qatoridan joy olishini ta’minlashdir”. Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirishda Ombudsman institutining roli beqiyosdir.
Abira Huseynova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha Vakili
(Ombudsman)ning Buxoro mintaqaviy vakili,
Senator, falsafa fanlari doktori, professor
O‘zA