French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda yashayotganligimdan qalbim faxrga to‘ladi”
16:06 / 2025-09-10

Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar avvalo, insonni qadrlashga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan inson sha’ni, qadrini ulug‘lash haqiqatan ham davlatimiz siyosatining bosh maqsadiga aylandi. Jumladan, mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida o‘tkazilgan, umuman, bugun yurtimizning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan islohotlar zamirida xalqimizni, fuqarolarni e’zozlashdek ezgu g‘oya va maqsadlar mujassamdir.  

Ana shu jarayonlarni bevosita kuzatar ekanmiz, oddiy insonlarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan har birimizning qalbimizda beixtiyor buyuk ne’mat – Mustaqillikning qadriga yetish, tinch va farovon hayotimizga shukrona keltirish, obod hamda kundan-kunga yuksalib borayotgan yurtimiz ravnaqidan faxrlanish tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Xalqimizning “Sidqidildan, halol mehnat qilgan inson hech qachon kam bo‘lmaydi”, degan hikmatli gapi bejiz aytilmaganiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. 

– Bugun men ana shu e’tiborni kamtarona mehnatlarim e’tirofi misolida ko‘rdim, – deydi Andijon yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi mexanizatsiya bo‘limi avtogreyder haydovchisi Tojiddin Toshmatov. – Mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz farmoni asosida “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. Ochig‘i, menday oddiy bir insonga, oddiy ishchiga ko‘rsatilgan e’tibordan boshim ko‘kka yetdi. 

Qahramonimiz Tojiddin Toshmatov qariyb yarim asrdan buyon mexanizatorlik kasbini ulug‘lab, sidqidildan, halol-pok mehnat qilib kelayotgan oddiy zamondoshlarimizdan biri. U mehnat faoliyatini 1975 yilda jamoa xo‘jaligida traktorchilikdan boshlagan. Keyinchalik Buloqboshi uy-joy kommunal xo‘jaligida ishchi, “Qishloqxo‘jalikkimyo” korxonasida traktorchi, Angren burg‘ilash va portlatish ishlari maxsus boshqarmasida avtogreyder haydovchisi vazifalarida mehnat qildi. U qayerda ishlamasin, o‘ziga yuklatilgan har qanday vazifani sidqidildan ado etdi. Kamtar, mehnatkash, fidoyi, o‘z kasbining mohir ustasi sifatida hurmat-e’tibor topdi.

– Men kasbimni juda yaxshi ko‘raman, – deydi Tojiddin Toshmatov.  – Mexanizatorlik kasbini tanlab, kam bo‘lmadim. Halol, sidqidildan ishladim, topshirilgan ishlarni hamisha bekamu ko‘st ado etishga harakat qildim. 

Hayot bir tekisda o‘tmas ekan. Turli davrlarda ishda qiyinchiliklar, oilada tashvish, yetishmovchiliklar bo‘lgan. Barchasiga sabr qildim. Bunday paytlarda menga eng avvalo, rahmatli turmush o‘rtog‘im, yaqinlarim dalda bo‘lgan. Shukrki, hammasi ortda qoldi. Borga, yo‘qqa, quvonchu tashvishga sabr va shukr qilgan inson kam bo‘lmas ekan.

Ha, Tojiddin aka Toshmatov viloyatdagi juda ko‘p avtomobil yo‘llari qurilishida, yo‘llarni ta’mirlash ishlarida faol ishtirok etdi. Nafaqat Andijon viloyati, balki yurtimizning turli hududlarida bir-biridan chiroyli, keng va ravon yo‘llarning barpo etilishida faol qatnashdi, ana shu jarayondagi bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shdi. 

Tabiatan kamtar, abjir, jismonan baquvvat qahramonimiz bugun yetmish yoshni qoralayotgan bo‘lsa-da, hali ham kasbini tashlagani yo‘q. O‘n yildan ortiq vaqtdan buyon ishlab kelayotgan qadrdon jamoasi – Andijon yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi mexanizatsiya bo‘limi avtogreyder haydovchisi sifatida ishlab, kasbini ulug‘lab kelmoqda. 

O‘z kasbining fidoyisi Tojiddin Toshmatov nafaqat qadrdon jamoasi, hamkasblari o‘rtasida, balki ibratli oilaning sohibi, o‘zi yashayotgan Shohguzar mahallasining faoli sifatida ham mahalladoshlari, keng jamoatchilik o‘rtasida hurmat-e’tibor topa olgan.

Rahmatli turmush o‘rtog‘i Muharramxon aya bilan ikki o‘g‘il, bir qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi, el qatoriga qo‘shdi. Suyukli farzandlarining duogo‘yi, to‘qqiz nafar nabiraning bobosi bo‘lib yashab kelayotgan Tojiddin aka hayoti ko‘plar uchun ibrat maktabidir. 

[gallery-25234]

– Yuksak mukofot “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganligim, mehnatlarim e’tirofidan qalbimdan kechayotgan quvonch va tuyg‘ularni oddiy so‘zlar bilan ifodalay olmayman, – deydi T.Toshmatov. – Mexanizator kasbini ardoqlab, kam bo‘lmadim, el-yurt orasida hurmat-e’tibor topdim, odamlarga, yurtimga nafim tegdi. Eng asosiysi, inson qadri ulug‘lanayotgan, mehnatlari qadr topayotgan tinch va obod yurtda yashayotganligimdan qalbim faxrga to‘ladi. 

 F. Ubaydullayev,

 Z.Umrzoqov (foto), O‘zA