Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida avvalo inson qadri, uning sha’ni va manfaatlari turibdi. Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani quvonarlidir.
Ana shunday ezgu ishlardan biri Karmana tumani Allon mahallasida amalga oshirildi. Mahalla faollari tashabbusi bilan 50 nafardan ortiq kam ta’minlangan fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar hamda ro‘zadorlar uchun ma’naviy-ma’rifiy ziyorat safari tashkil etildi.

Sayohat joriy yilning 16-fevralida qabul qilingan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgani ahamiyatlidir.
Sayohat davomida ishtirokchilar Buxoro viloyatida joylashgan bir qator muqaddas va tarixiy qadamjolarni ziyorat qilishdi. Jumladan, ular Abduxoliq G‘ijduvoniy, Ark qal’asi, Bahovuddin Naqshbandiy majmuasida bo‘lib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini tilab duolar qilishdi. Shuningdek, ular Varnet bog‘ida bo‘lishdi.

Bugun “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar joylarda aniq amaliy ishlar bilan o‘z ifodasini topmoqda. Mahalla institutining roli va nufuzi oshib, aholi muammolarini joyida hal etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashmoqda. Bunday tadbirlar nafaqat ma’naviy yuksalishga, balki jamiyatdagi birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, imkoniyati cheklangan va ehtiyojmand insonlar uchun bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ularning hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, jamiyatda o‘z o‘rni va qadri borligini yana bir bor his etishlariga zamin yaratadi.
Albatta, islohotlarning eng katta samarasi – odamlar qalbidagi rozilik va minnatdorlikdir. Chunki insonga e’tibor, mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgan jamiyatda taraqqiyot barqaror va bardavom bo‘ladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri