Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson qadri ulug‘lanayotgan yurt
16:35 / 2024-10-26

Bugungi kunda yurtimizda nogironligi bor shaxslarga har tomonlama ko‘maklashish, ularning sog‘lom hayotga moslashishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, ular uchun protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalarini olishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, jamiyatga integratsiyalashgan fuqarolar soni tobora ortib bormoqda. Endi ular faqatgina sifatli protez-ortopediya mahsulotlari olibgina qolmasdan, mahsulotlarni tanlash va ularni o‘z vaqtida vaucher asosida olish huquqiga ham ega bo‘lmoqda.

Bugungi kunga qadar Navoiy viloyatida yangi tizim orqali 400 nafarga yaqin fuqaro protez-ortopediya moslamalari bilan belgilangan tartibda ta’minlandi.  

Navoiy shahrining Yangi hayot mahallasida yashovchi G‘ulom Jabborov 2011 yilda sog‘ligining jiddiy yomonlashganligi sababli bir oyog‘idan ayrilgan edi. Unga ham “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan vaucher tizimi orqali zamonaviy modulli son protezi olib berildi.  

– O‘sha vaqtda berilgan protezlarning og‘irligi 7-8 kilogrammni tashkil qilardi. Ishlashga, yurishga juda qiynalar edim. Asosan hassalardan foydalanardim, – deydi G‘ulom aka. – Hozirgi protez menga juda qulay, barcha harakatlarimni amalga oshira olaman. Ijtimoiy xodim muntazam holimdan xabar olib turadi. Uning ko‘magida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydim. Shahardagi markaziy bozorda kiyim-kechak sotish uchun rasta ajratildi. Ayni paytda sog‘lom insonlar bilan bir qatorda mehnat qilayotganimdan, ular bilan suhbatlashib, hayot kechirayotganimdan xursandman.  

G‘ulom Jabborov kabi insonlarning faol hayotga qaytayotgani mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanib, islohotlar inson manfaatlari uchun xizmat qilayotganligini bildiradi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.