O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami oldidan “Biz bir bo‘lsak, yagona xalqmiz – birlashsak, Vatanmiz” shiori ostida Andijon viloyatida ham ma’naviyat festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan festival doirasida ziyolilar, taniqli olimlar, adabiyot va san’at namoyondalaridan iborat targ‘ibotchilar ishtirokida chekka tumanlardagi mahallalar, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida "Ma’rifat soatlari", nuroniylar, mehnat faxriylari va yoshlar ishtirokida "Uch avlod uchrashuvi", konsert dasturlari, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.
–Festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yangilanayotgan O‘zbekistonimiz erishayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etish, xalqimizga bayram kayfiyatini ulashish, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov. – Qolaversa, aholi, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga, milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdir.
Andijon viloyatida “Biz bir bo‘lsak, yagona xalqmiz – birlashsak, Vatanmiz” shiori ostida yuqori ko‘tarinkilik bilan boshlangan ma’naviyat festivali doirasida poytaxtimizdan tashrif buyurgan targ‘ibot guruhi a’zolari dastlab Andijon shahridagi Bobur nomidagi Milliy istirohat bog‘ida bo‘lib, ulug‘ bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. Shundan so‘ng, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida aholi va yoshlar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda so‘z olganlar Vatanimiz tarixi, bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar xususida gapirdi. Xususan, keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlar yuz berayotganligi, xalqimiz turmush farovonligi yuksalib, barpo bo‘layotgan Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganligi ta’kidlandi.
Festivalning birinchi kunida yuqoridagi kabi tadbirlar Baliqchi, Marhamat va Andijon tumanlarida bo‘lib o‘tdi.
–Andijonda bundan besh yil avval bo‘lgan edim, – deydi targ‘ibot guruhi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov. – Butun O‘zbekistonimizda bo‘lgani kabi Andijonda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilibdi. Nafaqat shaharlar, balki chekka-chekka mahallalardagi o‘zgarishlardan kishining bahri dili ochiladi. Ko‘chalar keng, ravon, xonadonlar fayzli. Odamlarning tafakkuridagi o‘zgarishlarni aytmaysizmi? Ularning kayfiyati yuqori, ko‘zlarida nur, ertangi kunga ishonch bor. Marhamat tumanidagi Paxtakor mahallasida yashovchi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 101 yoshli Iminjon ota Temirov bilan suhbatlashdim, duolarini oldim. Yurtimizda hayotimizning ko‘rki bo‘lgan mana shunday piru badavlat otaxonlarimiz, onalarimiz borligidan quvondim. Ochig‘i, ularning hayot yo‘li yosh avlod uchun ibrat maktabidir.
Marhamat tumani Alitepa mahallasidagi “Yoshlar kutubxonasi”da targ‘ibot guruhi a’zolarining kitobxon oilalar vakillari bilan uchrashuvi ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Uchrashuvda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, o‘qish, o‘rganish, ilm olish, yuksak ma’naviyat bilan inson o‘zi istagan narsaga erishishi, yurt ravnaqiga munosib hissa ko‘shishi mumkinligi alohida qayd etildi.
Baliqchi tumanida ichki ishlar bo‘limi, milliy gvardiya xodimlari hamda targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokidagi “Ma’naviyat soati” tadbiri doirasidagi dildan suhbat qatnashchilarga ulkan motivatsiya, ma’naviy ozuqa berdi.
“Ma’rifatli oila” loyihasi doirasida respublika targ‘ibot guruhi a’zolarining Baliqchi tumanining O‘rtaqo‘rg‘on mahallasi aholisi bilan uchrashuvi yanada fayzli va qiziqarli o‘tdi.
Uchrashuvda mehnat faxriylari Komiljon Rejabboyev, Muhammadjon Qo‘shmatovning oilasi, ularning bosib o‘tgan mazmunli hayot yo‘li mahalladoshlar, ayniqsa, yoshlarga ibrat sifatida ko‘rsatildi.
–Eng avvalo, yurtimizdagi tinchlik, xotirjamlikka shukronalar keltirishimiz kerak, – deydi baliqchilik ijodkor Barno Haydarova. – Ochig‘i, bugun internetni kuzatib, dunyoning turli joylarida bo‘layotgan urush, qirg‘inborotlar, yuz berayotgan tabiiy ofatlardan aziyat chekayotgan odamlar, ayollar, bolalarni ko‘rib, qalbimizni vahima bosadi. Shukrki, Alloh aziz qilgan yurtimizda tinchlik-xotirjamlik hukmron, to‘kinlik, fayzu baraka bisyor. Oilamiz tinch, farzandlarimiz bag‘rimizda. Baxt aslida tinchlik, xotirjamlik, fayzu barakada emasmi? Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, biz – ayollar, onalar uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Shaxsan men mana shunday tinch, farovon, inson qadri ulug‘lanayotgan yurt farzandi ekanligimdan, shunday yurtda yashayotganligimdan faxrlanaman.
[gallery-18605]
Ma’naviyat festivali doirasida joylarda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv, muloqot va suhbatlar, tinchlik, Vatan, do‘stlik madhini tarannum etuvchi she’rlar, kuy va qo‘shiqlar ishtirokchilarga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
–Mustaqillik bayrami oldidan ma’naviyat festivali doirasida mahallamizda o‘tkazilgan tadbir juda chiroyli va mazmunli o‘tdi, – deydi Andijon tumanidagi “Orol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Matlubaxon G‘aniyeva. – Mahallamiz ahli Yangi O‘zbekistonimiz erishayotgan yutuqlar haqida keng ma’lumotlar olish bilan birga, taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlardan bahramand bo‘ldi. Yurt tinchligi, bayram shukuhi barchamizning qalblarimizni tog‘day ko‘tardi.
Andijon viloyatida “Biz bir bo‘lsak, yagona xalqmiz – birlashsak, Vatanmiz” shiori ostidagi ma’naviyat festivali davom etmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari