Mamlakatimizda aholi tashvishi bilan yashab, hududlarni jadal rivojlantirishda sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani yaxshi samara bermoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 8 yanvardagi «Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi. Davlat organlarining odamlar bilan bevosita ishlashi uchun yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Bu hududlardagi, shu jumladan, eng olis va chekka mahallalardagi muammolarni ham o‘rganib, hal etishga qulay muhit, odamlarning bugungi kundan rozi bo‘lib yashashi uchun katta imkoniyat yaratdi. Jumladan, Surxondaryo viloyat hokimi rahbarlik qilayotgan 1-sektor ishchi guruhi joriy yil o‘tgan davrida aholi muammolarini o‘rganish yuzasidan olis, chekka hududlar va mahallalarda o‘tkazilgan 22 ta ommaviy sayyor qabulda 2 ming 708 fuqaroning 3 mingdan ortiq muammosi tinglanib, hozirgacha 2 ming 214 tasi yoki 70,2 foizi ijobiy hal etildi.
Sektorlarga fuqarolar ichki yo‘llarni ta’mirlash, toza ichimlik suv masalasini hal etish, elektr ta’minotini yaxshilash, moddiy yordam, davolanish yoki jarrohlik amaliyoti uchun mablag‘ ajratish, oilaviy sharoiti og‘ir fuqarolar uy-joylarini qurib berish, ta’mirlash va qurilish mollari olib berishga ko‘maklashish kabi ijtimoiy masalalarda murojaat etmoqda.
Viloyat birinchi sektorining joriy yilda o‘tkazgan ommaviy sayyor qabullari natijasi bo‘yicha vohadagi ta’mirga muhtoj 114 kilometr ichki yo‘llar tuproq yo‘ldan tosh yo‘lga aylantirildi. Sakkizta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangidan ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, 18 mingdan ortiq aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji qondirildi. Aholi punktlari 5 dona yangi transformator bilan ta’minlanib, 18 tasi ta’mirlandi. 6 kilometr masofaga yangi elektr tarmoqlari uchun beton va yog‘och ustun o‘rnatilib, hududlar aholisiga bir maromda elektr energiyasi yetkazib berishga xizmat qila boshladi. Masalan, shu yil noyabr oyida Uzun tumanidagi O‘lanqul mahallasida yashovchi fuqarolar ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiya, ko‘prik qurish va bog‘cha qurib berish masalasida murojaat etdi. Aholi o‘rtaga tashlagan bu masalalar tegishli tartibda o‘rganilib, O‘lanqul mahallasida 120 o‘rinli yangi bog‘cha qurilishi boshlandi. 15 kilometr ichki yo‘llarga tosh yotqizildi. 2 kilometr yangi elektr tarmog‘i tortilib, transformator o‘rnatildi. O‘quvchilarning maktabga qatnovi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida ikki mahallani bog‘lovchi ko‘prik bunyod etishga kirishildi.
Bundan to‘rt-besh yil oldin nafaqat quyi rahbarlar balki, viloyat hokimi bir yilda bir necha yuz ehtiyojmand kishining sog‘lig‘ini tiklashi yoki murakkab operatsiya orqali tuzalishini moddiy qo‘llab-quvvatlay olarmidi? Bunday bemorlarning xorijda murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazishiga ko‘maklashish uchun mablag‘i bormidi? Yo‘q, albatta!
Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ochiqlik va oshkoralikning amaldagi natijasidir.
Vohadagi birinchi sektor hududida o‘tkazilgan ommaviy qabullar va kelib tushgan murojaatlar asosida yilning o‘tgan davrida 426 nafar oilaviy sharoiti og‘ir fuqaro va ular yaqinlarning davolanishi, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishi uchun 2 milliard 910 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani bunga yaqqol dalildir.
Misol uchun, Jarqo‘rg‘on tumani Mehnatobod mahallasida yashovchi Shukrona Shodimahmatova murojaati asosida Rossiyaning Moskva shahrida ko‘z kasalligi bo‘yicha jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi uchun 37 million so‘m mablag‘ to‘lab berildi. Oltinsoy tumani Mo‘minqul mahallasida yashovchi Bahodir Xudoyberdiyevning jigar sirrozidan xalos bo‘lishi uchun Hindiston davlatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan jarrohlik amaliyotiga 40 million so‘m yo‘naltirildi. Yoki Jarqo‘rg‘on tumani Bobotog‘ mahallasida yashovchi Murotali Xolbo‘tayev oilaviy ahvoli og‘irligi tufayli qizida jarrohlik amaliyoti o‘tkazib, yurak porogi kasalligini davolatishi uchun mablag‘ topolmayotganini ma’lum qilgan. Uning bu murojaati qanoatlantirilib, tibbiyot muassasasiga 32 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Yashash sharoiti og‘ir oilalarning 268 nafar oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlari shuningdek, chin yetim va yetim talabalarning 1 milliard 493 million so‘mlik o‘quv-shartnoma to‘lovlari to‘lab berildi. 1 ming 722 nafar oilaviy sharoiti og‘ir fuqaroga 2 milliard 192 million so‘mlik zamonaviy asbob-uskuna va parranda, 44 ta oilaga 216 million so‘mlik qoramol, 144 nafar ayolga qiymati 227 million so‘mlik tikuv mashinasi olib berilib, ularning bandligi ta’minlandi. Aniq daromad manbai yaratildi.
Viloyatning ikkinchi, uchinchi sektorlariga biriktirilgan hududlarda ham aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etishga katta ahamiyat berilmoqda. Natijada «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan ehtiyojmand fuqarolarning hayoti yaxshilanmoqda.
Viloyat bo‘yicha 4-sektorga biriktirilgan hududlardagi 147 ta mahallada 130 ming 413 oila mavjud. Ularda 554 ming 899 fuqaro istiqomat qiladi. Yilning o‘tgan davrida sektor hududidagi 6 ming 844 oilaga 5 721,0 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilib,43 kam ta’minlangan oilaga 123,8 million so‘mlik qurilish materiallari olib berildi. 756 xonadon 223,6 million so‘mlik dori-darmon, 720 oila oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Bitta oilaga uy qurib berildi. 58 xonadon qayta ta’mirlandi. Shuningdek, yordamga muhtoj oilalarning soliq va kommunal to‘lovlarini to‘lash, kiyim-bosh bilan ta’minlash, sog‘lig‘ini tiklash uchun tibbiyot muassasalariga yo‘llanma va orderlar berildi. 4 ming 309 oilaga 4 467,3 million so‘m naqd pul ko‘rinishidagi moddiy yordam berildi.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirib, xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishga yo‘naltirilgan bunday ezgu ishlar xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan ezgu g‘oyaning amaldagi samarasi va jamiyatda inson qadri ulug‘lanayotganining yorqin ifodasidir.
Abduhakim Eshmurodov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri.
O‘zA