Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida
18:14 / 2023-05-27

Aholini yillar davomida qiynab kelgan masalalarga joyida yechim topish, muammolarni tezkor hal etish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan xalq bilan muloqot qilgan holda “mahallabay” tizimi asosida ish olib borilmoqda. Buning natijasida yurtimizning olis hududlarida to‘planib qolgan muammolar hal etilib, infratuzilma yangilanmoqda, odamlarning turmush darajasi oshmoqda.

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni joylarda o‘rganib, samarali hal etish borasidagi faoliyatini 22-26 may kunlari Samarqand viloyatida ham olib bordi. 

Prezident Administratsiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Xalq qabulxonalarining mas’ul xodimlari, respublika vazirlik, idora va tashkilotlari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari boshchiligidagi guruhlar aholining murojaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Joylarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rdi.  

Jumladan, “Qizil hudud” ga kiritilgan mahallalar holatini yaxshilash maqsadida ichki tuproq yo‘llarga tosh-shag‘al yotqizish bo‘yicha 15 ta mahalladagi 66,6 kilometr yo‘llar tanlanib, shag‘al-tosh to‘kilmoqda. Jumladan, Urgut tumani Mo‘minobod mahallasida 5,6 kilometr, Narpay tumani No‘g‘ay mahallasida 5,3 kilometr, Jomboy tumani Sarqipchoq mahallasida 3,9 kilometr, Pastdarg‘om tumani Elbek mahallasida 3,2 kilometr, Paxtachi tumani Quvondiq mahallasida 2,8 hamda Ishtixon tumani O‘zbekqo‘rg‘on mahallasida 2,5 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. Bundan tashqari, viloyatdagi 135 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida ta’mirlandi. Viloyat aholisiga qo‘shimcha 1220,5 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 209 ta temir beton tayanchlar yangilandi hamda 9,1 kilometr yangi tarmoq tortildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 2 kilometrga yaqin tarmoq tortildi.  

Tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida yil boshidan buyon 5396 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga 233,4 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. 124 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘arma” si mablag‘lari hisobidan subsidiya asosida 506,8 million so‘mlik tikuv mashinalari, motokultivator va boshqa vositalar berildi. Ayni paytda hududlarda bu boradagi ishlar davom ettirish maqsadida aniqlangan muammolarni har tomonlama tahlil qilish va hal etish uchun ijro muddatlari va mas’ullar belgilangan holda chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Amalga oshirilayotgan ishlar har bir mahalla kesimida tahlil qilib borilmoqda. Aholini rozi qilish, “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar mamlakatimizning eng olis hududlarida ham xalqimiz turmush darajasini oshirish, ular uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.  

G‘.HASANOV, O‘zA