Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson qadri tushunchasi qomusda ham yuksak o‘rin egallaydi
10:36 / 2022-06-08

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” asarida konstitutsiyaviy islohot zaruratiga e’tibor qaratilgan.

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori Eldor Mahkamov konstitutsiyaviy islohotlar zarurati va bu borada belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar ahamiyati haqida so‘zlab berdi: 

– Prezidentmizning asarida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Xususan, avval amal qilgan “davlat – jamiyat – inson” paradigmasini “inson – jamiyat – davlat” yangi paradigmasiga o‘zgartirib, konstitutsiyaviy qonunchilik va amaliyotda mustahkamlash taklif etildi.  

Bundan ko‘rinib turibdiki, insonga e’tibor kuchaytirilib, inson qadri tushunchasini qonunchilikda ham tom ma’noda aks etishi nazarda tutilmoqda.  

Keyingi yo‘nalishlar ham inson qadri, manfaati bilan bevosita bog‘liq. Ya’ni iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlashga alohida urg‘u berilgan. 

Fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini konstitutsiyaviy mustahkamlash, oila institutini rivojlantirishga alohida o‘rin beriladi. Kelajak avlodga an’anaviy insoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish, millatlararo totuvlikni mustahkamlashning konstitutsiyaviy asoslarini belgilashga e’tibor qaratiladi. 

Konstitutsiyada yoshlar siyosati, yoshlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, ularning huquqi, manfaatlari va majburiyatlarini aks ettirish, hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va odil fuqarolik jamiyatini qurish sari ildam borayotganini hisobga olgan holda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlash ko‘rsatildi.  

Inson huquqlarini himoya qilish tizimi samaradorligini oshirish, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bor shaxslar va keksa avlod vakillari huquqlarining ishonchli muhofazasini ta’minlash dolzarb vazifa sifatida qo‘yildi.   

Konstitutsiyaga maxsus ekologik qoidalar, global iqlim o‘zgarishlariga tegishli huquqiy me’yorlarni kiritish, bolalar bog‘chalari, maktablar, Uchinchi Renessans asoslarining o‘zaro bog‘liq jihatlari bo‘lgan oliy ta’lim va fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash alohida qayd etildi. 

E’tibor bergan bo‘lsangiz, ushbu ustuvor yo‘nalishlar jamiyatda kechayotgan jarayonlar, yuzaga kelayotgan muammolar yechimi bilan bevosita bog‘liq. 

Shu o‘rinda turli mamlakatlarda konstitutsiyaviy islohotlarning amalga oshirilishida bir nechta tendensiyalar kuzatilayotganini aytib o‘tish kerak.  

Birinchisi, konstitutsiyaning aksiologik tarkibiy qismi davlatning milliy qadriyatlarini va milliy o‘zlikni mustahkamlashni o‘z ichiga oladi. Bu yo‘nalishda konstitutsiyaviy islohotlar Vengriya (2011), Latviya (2014), Qozog‘iston (2017), Rossiya Federatsiyasi (2020) va boshqalarda amalga oshirildi. 

Zamonaviy dunyoda konstitutsiyaviy islohotlarning ikkinchi tendensiyasi – bu davlatning institutsional tizimini takomillashtirish (davlat organlari tizimini modernizatsiya qilish).  

Ushbu vektor ko‘p qirrali xususiyatga ega bo‘lib, unda konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida quyidagi o‘zgarishlarni ko‘rish mumkin: boshqaruv shaklini uning sezilarli darajada o‘zgarishi bilan bog‘liq modernizatsiya qilish, xususan, boshqaruvning bir shaklidan boshqasiga o‘tish.  

Davlat hokimiyati organlari o‘rtasida vakolatlarni qayta taqsimlash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqaruvning amaldagi shakli doirasida o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar ham bor.  

Davlatning institutsional tizimini takomillashtirishning yo‘nalishlaridan biri – yangi davlat organlarini konstitutsiyaviylashtirishtir. Ularning samaradorligini oshirish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini tashkil etish va uni takomillashtirish muhim. 

Konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim tendensiyalaridan biri shaxsning huquqiy holatini isloh qilishdir. Bunda asosiy yo‘nalishlar bilan birga turli sohalarga (ekologik, axborot, ijtimoiy, biotibbiyot va boshqalar)ga ham e’tibor qaratilib, shaxsning huquqlari, erkinliklari va burchlari doirasi kengaytiriladi. 

Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning istiqbolli yo‘nalishlari yana quyidagilarni o‘z ichiga olishi maqsadga muvofiq. 

Zamonaviy ichki va tashqi chaqiriq va tahdidlarni, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozli hodisalarni hisobga olgan holda konstitutsiyaga xavfsizlikni mustahkamlash, umuman konstitutsiyaviy qadriyatlarni  singdirishga qaratilgan qoidalarni kiritish yoki kengaytirishni davom ettirish lozim.  

Milliy manfaatlarni konstitutsiyaviy darajada himoya qilish, (shu jumladan, xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlar)da  davlatning mavqeini mustahkamlashni davom ettirish zarur. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini rivojlantirish orqali ularning xalq oldidagi mas’uliyatini yanada kuchaytirish, shuningdek, bu borada jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadga muvofiq.  

bugungi kunda mansabdor shaxslar yangi chaqiriqlarga zudlik bilan javob qaytarishi, qabul qilingan qarorlar uchun mas’uliyatli bo‘lishi lozim bo‘lgan davlat organlarining samarali tizimi zarur.  

Umuman olganda, xalqning hokimiyat manbai sifatidagi rolini kuchaytirish, jumladan, fuqarolarning siyosiy huquqlari doirasini kengaytirish ham konstitutsiyaviy islohotlarda muhim o‘rin tutadi. 

Mamlakatimizda boshlangan konstitutsiyaviy islohotlarning pirovard natijasi “Inson qadri uchun” ustuvor tamoyilini hayotga to‘la tatbiq etish, huquqiy va ijtimoiy davlatni rivojlantirish, demokratik institutlarni mustahkamlash va insonning asosiy huquqlarini himoya qilishga qaratiladi. 

O‘zA muxbiri 
Norgul Abduraimova 
yozib oldi