Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi Qo‘shko‘prik mahallasida ma’naviy-ma’rifiy va badiiy ruh bilan yo‘g‘rilgan “Biz birgamiz” nomli mehr-oqibat tadbiri o‘tkazildi. Unda hudud ahli, turli tashkilot vakillari hamda yoshlar faol ishtirok etishdi.
Tadbir Sharof Rashidov tuman hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyat bo‘limi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasining tuman bo‘limi, “Mehr, shafqat va salomatlik” jamoat fondi hamda tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida tashkil etilib, imkoniyati cheklangan, bolaligidan nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oila farzandlariga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ularga ruhiy quvvat bag‘ishlash, iqtidorlarini namoyon etish uchun o‘tkazildi.


– Bugungi tadbirning asosiy g‘oyasi – “Inson qadri uchun” tamoyilini amalda namoyon etishdir. Mehr va e’tibor inson qalbiga nur, jamiyatga esa hamjihatlik bag‘ishlaydi.
Biz ahil bo‘lganimiz sari, ezgulik va insonparvarlik ruhi yurtimizda yanada yuksalaveradi, – dedi Jizzax viloyati hokimligi jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha kotibiyatining mudiri Nurali Raimov.


Tadbirdagi badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiq va samimiy muloqotlar kechaga o‘ziga xos ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Qatnashchilarning qalblarida minnatdorlik, ko‘zlarida esa mehr va birdamlik hissi balqib turdi.
A. Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA