Mamlakatimizda yurtdoshlarimizning ijtimoiy himoyaga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish, manzilli yordam ko‘rsatilishiga erishish maqsadida o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgan edi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida viloyatlarda agentlik boshqarmalari, tuman va shaharlarda esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati eksperiment tariqasida yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yildan mazkur tizim butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘z faoliyatini boshladi. Pirovardida “beshlik” tarzida faoliyat ko‘rsatgan mahallalarda ijtimoiy xodim va soliqchi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilib, “mahalla yettiligi” paydo bo‘ldi. Aytish mumkinki, tizim kutilgan natijani bermoqda. Aholini ijtimoiy himoya qilish borasida xonadonbay ish olib borilib, kimga qanday turdagi ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish zarur bo‘lsa, bari amalda ta’minlanayotir.
Xususan, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida ayni paytda 64 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Tumandagi 51 mahallaga 27 nafar ijtimoiy xodim hamda 11 nafar assistent biriktirilgan. Markazda katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash, ijtimoiy to‘lovlar, bolalarni ijtimoiy himoya qilish, murojaatlar bilan ishlash yo‘nalishlarida sho‘’balar tashkil qilingan.
– Markazimizning asosiy maqsadi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga mahalla darajasida kompleks ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishdan iborat, - deydi Qo‘shtepa tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Zuhriddin Turdiyev. – Shuningdek, mahallalarda xizmat qilayotgan ijtimoiy xodimlarimiz mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning muammolarini yechish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rmoqda.
Ta’kidlash joizki, tumanda joriy yilning birinchi yarmida saksondan oshiq pensiya yoshidagi va nogironligi bo‘lgan, urush qatnashchilariga tenglashtirilgan fuqaroga sihatgohlarga, 7 nafariga esa shifoxonada davolanish uchun yo‘llanma berildi. 72 nafar yolg‘iz fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 21 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar “Beshchashma” sihatgohiga sog‘lomlashtirish uchun yuborildi.
Markazdagi psixologlar ham beminnat aholi xizmatida. Ular tomonidan shu kunga qadar 219 nafar fuqaroga psixologik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lib, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 89 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Himoya orderi olgan xotin-qizlarning 54 nafari bilan yashash joyiga borgan holda psixologik suhbatlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari 127 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar reabilitatsiya texnik vositalari va 10 nafari protez-ortopediya mahsulotlari bilan, 3 nafari elektr yuritmali nogironlik aravachasi bilan ta’minlandi. Joriy yilning ikkinchi choragida markazga jami 767 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ulardan 685 tasi ijobiy hal etilgan, 63 tasi rad etilgan, 19 ta murojaat o‘rganish jarayonida.
[gallery-17997]
– 13 yildan buyon ijtimoiy xizmat sohasida ishlab kelaman, - deydi Shahnoza Muhamedova. – 2023 yilning avgust oyidan Qo‘shtepa tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida assistent lavozimida faoliyatimni davom ettirmoqdaman. Yoshi ulug‘ insonlarga, ko‘makka muhtoj hamyurtlarimiz huquq va manfaatlarini kafolatlashda ishtirok etib, ularning qalbida umid, ishonch va minnatdorlik hislariga sababchi bo‘lish qanchalar savobli ish ekanini yaxshi bilaman. Kasbimga bo‘lgan mehrning sababi ham shu - ezgulik yo‘lida xizmat qilishdir.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA fotomuxbiri