3 dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni
Har bir insonning qadr-qimmati, teng huquqliligi va jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etish imkoniyatlari qadrlangan yurtda taraqqiyot ildamlaydi. Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoyalash, ularning ijtimoiylashuvi hamda bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar ko‘lami kengaymoqda.
Hozir respublikamizda jami 1 million 58 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar bor. Mahallalardagi ijtimoiy hodimlar uyma-uy yurib, 2024 yil – 21,1 ming, joriy yilda esa 13,1 ming nafar, jami 34,2 ming nogironligi bo‘lgan, lekin belgilanmagan shaxslarni aniqladi va ularga nogironlik belgilandi.
Joriy yildan nogironlikni belgilash yagona standartlar hamda raqamlashtirilgan tizim asosida amalga oshirilmoqda, deyiladi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotida.
Jumladan, murojaat qilish tartibi kengaytirilib, “Inson” markazlari, ijtimoiy xodimlar, my.go.uz portali yoki oilaviy shifokorlar orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Har bir bemorning holati va kasalligi turidan kelib chiqib, davolanish muddati individual belgilanadi. Protez va reabilitatsiya vositalariga muhtoj 91,9 ming shaxs kerakli moslamalar bilan ta’minlandi.
Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan esa 1,5 baravar ortib, ayni maqsadlar uchun 138,2 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan mazkur vositalarining ro‘yxati 18 tadan 38 tagacha (2025 yil +8 ta) kengaytirildi.
Mazkur vositalarni olgan shaxslarning 7,3 ming nafarini rasmiy bandligi ta’minlandi, 5 ming nafari ta’limga, 1 ming nafari adaptiv sport turlariga jalb etildi.
Joriy yildan nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandligini ta’minlash va ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida alohida yangi platforma – daw.ihma.uz ishga tushirildi.
Dastur doirasida 27 ming nafar ishlash istagi bor nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxati shakllantirildi, ularning 14 ming nafari (52 foizi) ishga joylashtirildi.
Yangi loyihalarni amalga oshirish orqali 150 ming nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasmiy bandligi ta’minlandi.
Joriy yildan boshlab, ilk marotaba barcha tuman va shaharlardagi bog‘chalarda jami 656 ta inklyuziv ta’lim guruhlari tashkil etildi hamda 1 171 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar ta’limga jalb etildi.
Nogironligi bo‘lgan va harakatlanish imkoniyati cheklangan bolalarning ta’lim dargohiga borib kelishi uchun ham alohida yondashuvlar amalga oshirilmoqda, ya’ni butun respublika bo‘ylab “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi. Xizmatdan foydalanish uchun 678 nafar shaxs ro‘yxatdan o‘tib, 1,6 ming qatnov amalga oshirildi.
2025 yildan boshlab nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 458 ta kunduzgi parvarish guruhi tashkil etildi. Natijada 3 457 nafar bola parvarish, ta’lim va tarbiya xizmatlari bilan qamrab olindi.
Ma’lumki, sport avvalo sog‘lom ruhiyatni shakllantirishi bilan alohida ahamiyatga ega. Shu ma’noda joriy yilda adaptiv sport turlari reyestri ishga tushirildi va unga jami 89 ta sport turi kiritilib, tasdiqlandi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning 90,3 ming nafari ommaviy hamda adaptiv sport turlariga jalb qilindi.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida 27,2 ming shaxs agentlik tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi, 23 ming shaxs reabilitatsiya qilindi.
Harakatlanishda qiynalayotgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj 25 mingga yaqin shaxs “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari bilan qamrab olindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq har yili 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida dunyo bo‘ylab nishonlanadi.
Uning maqsadi – aqlan va jismonan nuqsoni bor fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, nogironlar muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilishdan iborat. Yuqorida keltirilgan raqamlar ortida esa yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor inson qadr-qimmatining yuksalib borayotgani, jamiyatda hech bir shaxs bee’tibor qolmayotganidan dalolatdir.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA