O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingani mamlakatimiz taraqqiyotida yangi davri boshlab berdi. O‘tgan yillar mobaynida milliy taraqqiyot yo‘limizda erishgan ulkan yutuqlarimizga nazar solsak, buning fundamental huquqiy negizini Asosiy qomusimiz tashkil etishini ko‘rish mumkin.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan ilmiy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Inson huquqlari Milliy markazi mas’ul xodimlari, parlament a’zolari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, shuningdek Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti va Akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
E’tirof etilganidek, Bosh qomusimizda davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekanligi qat’iy belgilangan. Mamlakatimizda demokratiya umuminsoniy tamoyillarga asoslanishi, davlat o‘z faoliyatini faqat inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab amalga oshirishi uning hayotbaxsh qudratidan dalolat beradi. Bundan tashqari, Konstitutsiyamiz jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar yurtimiz fuqarolarining tengligi uchun mustahkam zamin yaratdi.
– Mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil hayotimizga chuqur tatbiq etilmoqda. Milliy rivojlanishimizning yangi bosqichida har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat etib belgilangani “xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladi”, degan ulug‘vor maqsadning hayotimizda mustahkam qaror topishiga, jamiyatda inson omilini yuksak darajada qadrlashga xizmat qiladi, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov.
Anjumanda demokratik islohotlar samarasi jamiyatda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liqligi, Asosiy qonunimizda mustaqil davlatimiz fuqarolarining huquq va erkinliklari, boshqaruvning demokratik prinsiplari, jamiyat rivojlanishining strategik yo‘nalishlari mustahkam kafolatlangani ta’kidlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati