Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda prorektorlar, fakultet dekanlarining o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari bilan boshlandi.

Tadbirni institut rektori Quvondiq Qodirov olib bordi. Ta’kidlanganidek, konstitutsiya har bir davlatning tarixi, buguni va kelajagi, xalqning xohish-irodasini o‘zida aks ettiruvchi asosiy qonun hisoblanadi. Konstitutsiya amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va ularning qonunchilik asoslarini yaratishning bosh huquqiy asosi, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasi kafolatidir. Bosh Qomusda barcha normalar eng, avvalo, inson huquq va manfaatlarini kafolatlagan holda, inson – jamiyat – davlat tamoyili asosida ishlab chiqilgan.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari Rustam Saparbayev Bosh Qomusda belgilangan normalarning hayotda tutgan o‘rni, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasi, jumladan, yoshlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi Kamal Tarixov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi tarixi, unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Baxtiyar To‘rebekov mamlakatimizda Konstitutsiya asosida qonun ustuvorligini ta’minlash, bunda “Inson qadri hamma narsadan ulug‘” tamoyiliga amal qilish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.