Oliy majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Lola Saodatova tomonidan Qarshi shahri Shayxali qo‘rg‘onida joylashgan tergov hibsxonasida viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida “Inson qadri – aziz” mavzuida tadbir tashkil etildi.
Tergov hibsxonasi 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ayni kunda 465 nafar mahbus saqlanyapti. Ularning 35 nafari ayol, 10 nafari voyaga yetmaganlardir.
Dastlab muassasada saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqa holatlar ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, mazkur tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun malakali xirurg, travmatolog, nevropatolog, kardiolog, endokrinolog va ginekologlar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Maxsus tibbiy anjomlar va dori-darmonlar bilan ta’minlangan shifokorlar tomonidan aniqlangan kasalliklar bo‘yicha 3 nafar shaxs davolanish uchun yuborildi.

Shu bilan birgalikda Qarshi davlat universiteti psixolog o‘qituvchilari tomonidan fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni axborot xurujlari, ma’naviy tahdidlar va turli xil yot g‘oyalardan himoya qilishga qaratilgan psixologik treninglar o‘tkazilib, hayotda munosib o‘rin topishi uchun motivatsion psixologik mashg‘ulotlar olib borildi.
Tadbir doirasida tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar bilan yakka tartibda sayyor qabul ham o‘tkazildi.


Unda mahbuslar tergov jarayonlaridan noroziliklari va sud jarayonlarida Ombudsman mintaqaviy vakilining ishtirok etishi, shuningdek, oilasi va farzandlari ta’limiga oid savollar bilan murojaat qildi.

Tadbir so‘nggida xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga esdalik sovg‘alari va kitoblar hadya qilindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri