Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson qadri, erkinlik, tenglik aks etgan hujjat
18:32 / 2025-12-05

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 21 noyabr kuni qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi Asosiy Qonunimiz qabul qilingan kunni yuqori saviyada nishonlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.  

Mazkur farmoyish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish, “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy hamda boshqa tadbirlarni samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Mamlakatimizda kechayotgan barcha ijobiy o‘zgarishlar, inson manfaatlariga xizmat qiluvchi islohotlar, odamlarni hayotdan rozi qilish borasidagi ezgu va ibratli sa’y-harakatlar Bosh Qomusimizda o‘zining yorqin ifodasini topgani bilan ahamiyatlidir.  

–  Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z aksini topayotganini ko‘rsatib berish ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsaddir, – dedi taniqli shoira, ma’naviyat targ‘ibotchisi Gulchehra Shahobiddin qizi. – Chindan ham keyingi yillar davomida inson, uning manfaatlari, qadr-qimmatiga eng oliy qadriyat sifatida munosabatda bo‘linmoqda.  Yangilangan Konstitutsiyamizdagi barcha tamoyillar jamiyat hayotida, yurtdoshlarimiz taqdirida aks etmoqda.  

Ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Vatanimiz, xalqimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritildi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri