Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson qadr-qimmati, himoyasi jadidlar faoliyatida ustuvor bo‘lgan
11:58 / 2025-11-10

O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi

Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 120 yilligi keng nishonlanmoqda. Mazkur tuzilmaning tashkil etilishi jadidlar faoliyati bilan bevosita bog‘liq. Darhaqiqat, xalqning farovonligi, ma’rifati, himoyasi, millat ravnaqi, mamlakat taraqqiyoti ma’rifatparvar bobolarimiz hayotining mazmunini tashkil etgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Dilnoza Jamolova bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Aslida jadidlar faoliyatida odamlarga ma’rifat, ezgulik, ziyo ulashishdek g‘oyalar ustuvor ekani manbalardan yaxshi ma’lum. O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyatida jadidlarning hissasi qanday bo‘lgani xususida fikrlaringizni bilmoqchi edik.

– Jadidchilik milliy siyosiy harakati vujudga kelgan paytidayoq jamiyatning barcha sohalarida o‘zgarishlar, islohotlar qilish, Turkistonni taraqqiy etgan mamlakatlar qatoriga chiqarishni maqsad qilgan edi. 1905 yil Rossiya imperiyasida sodir bo‘lgan siyosiy jarayonlar ta’siri tez orada Turkistonda ham sezildi. Ayni shu davrdan jadidlar aholining mehnat va ijtimoiy huquqlarini muhofaza qilish yo‘lidagi dastlabki harakatlarni amalga oshirdi.  

Ularning bu harakatlari Ismoil Gasparali muharrirligida chop qilingan “Tarjimon” gazetasi sahifalarida yoritib borilgan. Jumladan, gazetaning 1905 yil 14 iyun sonidagi “Xodim istirohati va rus bayramlari” maqolasida ruslarning bayramlarida musulmonlarning dam olishi va do‘konlarini yopish masalasi Toshkent dumasida muhokama qilingani va eski Toshkent qismida rus bayrami kunlari dam olish bo‘lmasligiga qaror qilingani qayd qilingan.  

Shuningdek, gazetada 1910 yil 8 oktyabrda bosilgan “Turkistonda bayram va istirohat masalasi” maqolasida turkistonliklarning bayram va haftalik dam olish kunlari, ish soatlari bo‘yicha ham ma’lumot berilgan. Jumladan, Toshkent va Olmaota shaharlari mushovara (maslahat) komissiyasi ish va dam olish kunlariga oid qaror qabul qilgani, musulmon do‘konlari qishda 7 dan kech 8 gacha, yozda 6 dan kech 7 gacha ishlashi, korxonalarda qishda 2, yozda 3 soat yemak uchun vaqt berilishi, rasmiy dam olish kunlari belgilangani qayd qilingan. Maqolaga ko‘ra, turkistonliklar juma kunlari soat 12 dan keyin, ramazon va qurbon bayramlarida 3 kundan, rus va musulmonlar o‘z bayram kunlari dam olgan. Ramazon oyida musulmonlar ishdan iftorlik uchun 1 soat oldin ketgan. Shuningdek, musulmonlar yana bir necha bayramlarni ko‘rsatib dam olish kuni belgilash haqida Turkiston general gubernatoriga murojaat qiligani ochiqlangan.  

Jadidlar Turkiston aholisini o‘z haq-huquqlarini talab qilishga o‘rgatishdan tashqari xayriya jamiyatlari tashkil qilganlarini ta’kidlash joiz. Bu jamiyatlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri inson qadri uchun kurash bo‘lganini unutmasligimiz lozim. 1909 yil Munavvarqori Abdurashidxonov toshkentlik boylar Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li, Komilbek Norbekov va Karimbek Norbekov kabilar homiyligida 1909 yil 15 iyulda maqsadi “o‘zbek halqining bilim bilan oqartirish, yetim, yetima yoki ota-onasi yo‘qsil bo‘lg‘an bolalarni o‘qittirishdan iborat bo‘lgan “Jamiyati imdodiya”ni (“Yordam”) tuzadi. Uning 41 banddan iborat nizomi ham tasdiqlanadi. Jamiyatga Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li rais, Munavvarqori Abdurashidxonov rais o‘rinbosari etib tayinlangan. Bashirullaxon Asadulloxo‘ja o‘g‘li, Abdulla Avloniy, Nizomqori mulla Husayn o‘g‘li va Toshxo‘jahoji Tuyoqboy o‘g‘li jamiyat a’zolari bo‘lgan.

“Jamiyati imdodiya” a’zolarning aniq belgilangan oylik va yillik badallari, homiyliklari asosida faoliyat yuritgan. Ushbu jamiyat amalga oshirgan muhim ishlardan biri kambag‘alxona va nogironlar uyi ochgani bo‘lgan. Kambag‘alxonadan uysiz, ishsiz qolganlar foydalanishi mumkin bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida 10 kishini qabul qilish, ularga ijtimoiy yordam berish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Kambag‘alxona nochor ahvolda qolgan kishilarni kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan ta’minlashdan tashqari ish topishlariga ham ko‘maklashgan. Bu ishlarning boshida Munavarqori Abdurashidxonov turgan.  

Jamiyat aholining kambag‘al qatlamiga xususiy shifoxonalardan foydalanishlari uchun ham sharoit qilib bergan. Jamiyat mablag‘lari hisobidan shifoxona xarajatlari qoplangan.  

–  Jadidlarning kasaba uyushmalari harakati bilan bog‘liq ilmiy izlanishlar bugun ham davom etayaptimi?

–  Jadidlar tuzgan xayriya jamiyatlari, uyushma va tashkilotlarining asosiy yo‘nalishi mustamlaka sharoitida Turkiston aholisining mehnat huquqini, jamiyatning turli qatlamlari: dehqonlar, chorvadorlar, hunarmandlar, savdogarlar va hokazolarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish ham bo‘lgan.  

Jadidlarning bu yo‘nalishdagi faoliyatlari bo‘yicha bir nechta tezis va maqolalar e’lon qilinganini aytmaganda, haligacha alohida tadqiqot qilinmagan. Bugun Tarix institutida Jadidchilik milliy siyosiy harakati tarixini jiddiy tadqiq qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yosh tadqiqotchilarimiz tomonidan jadidlarning ijtimoiy hayotni tartibga solish va xalq farovonligini ta’minlashga oid qarashlari hamda amaliy harakatlariga oid ma’lumotlar arxiv hujjatlari, davriy matbuotda e’lon qilingan maqolalar, xotira va esdaliklar asosida o‘rganilmoqda. Umid qilamanki, yaqin vaqtlar ichida jadid bobolarimizning insonlar iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi faoliyatlariga oid risolalar, asarlar yaratiladi. Keng jamoatchilikka taqdim qilinadi.  

–  Ma’lumki, mamlakatimiz kasaba uyushmalari tarixida ilk bor sohaga oid muzey tashkil etilgan. Mazkur muzey ekspozitsiyasining  shakllanishida tarixchi olimlarimiz qanday izlanishlar olib bordilar?  

–  2021 yil O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyi tashkil etilgan bo‘lib, muzey ekspozitsiyasini shakllantirishda tarixchilar qatnashganlari ma’lum. Olimlar ilmiy izlanishlari natijasida mamlakatimizda ilk kasaba uyushmalari harakati 1905 yilda boshlanganini arxiv hujjatlari asosida ko‘rsatib berishga harakat qilganlar.  

Aslida inson qadri, turli mehnat sharoitlarida ularning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish uchun harakatlar ilk davlatchilik uyushmalari tuzilgan paytidayoq vujudga kelganini unutmasligimiz lozim. Turonning birinchi va ikkinchi uyg‘onish davri allomalari, jadidlarning bu boradagi qarashlarini e’tirof etishimiz lozim. Shuningdek, 1991 yildan boshlab, o‘zbek xalqi manfaatlarini himoya qiluvchi tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.  

–  Qiziqarli va samimiy suhbat uchun rahmat!

O‘zA muxbiri  

Nazokat Usmonova  

suhbatlashdi.