Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegatsiyasi Qohirada xalqaro kitob yarmarkasiga tashrif buyurdi.
Jahonda globallashuv deb atalmish xavfli bir girdobning charx urishi zo‘rayib borayotganiga qaramay, kitobga mehri bo‘lak insonlarning hali ham ko‘pligi insonga taskin beradi. Chunki dunyoni ezgulik qutqaradi, uni esa odamlarning munosabatlaridan topish, kitoblardan o‘rganish mumkin. Oxirgi paytlarda kitob o‘qishga qiziqish kamayib borayotgani, yoshlarning elektron gadjetlarga mukkasidan ketib, hamma axborotni mobil telefonlar orqali olib qoniqayotgani haqida ko‘p muhokama qilamiz.

Asrlar osha fikrni kitobdan izlagan va topgan insonlarning tafakkur dunyosi keng ekanligini bilamiz-ku, lekin bunga befarqligimiz ortib bormoqda. Rivojlangan mamlakatlarda hali hanuz ko‘p kitobi borligi va ko‘p kitob o‘qiganligini asosiy yutug‘i va hayoti mazmuni etib baholaydigan insonlar ham ko‘p. Aynan shuning uchun ham ular rivojlanyapti.

Kitobga mehri kamaygan jamiyat esa rivojlanmasligini, yoshlar bilan alohida ishlar tashkil qilib, tushuntirish kerakligini katta avlod vakillari ko‘p ta’kidlashadi. Buni nafaqat yurtimizda, balki Misrda ham eshitdim.

Qadimgi sivilizatsiyalar beshigi va chorrahasi bo‘lmish Misrga tashrifimiz chog‘ida juda katta bir tadbirning guvohi va ishtirokchisi bo‘ldik. Qohirada tashkil etilgan xalqaro kitob ko‘rgazmasiga borib, u yerdagi muhitdan o‘zgacha ruh oldik. 12 kun davom etishi belgilangan ko‘rgazma o‘ninchi kuni ekaniga qaramay odam gavjum. 6 ta katta pavilonda tashkil etilgan bu ulkan hudud ozodaligi, turli tadbirlarga boyligi bilan diqqatimizni tortdi.

Odamlarning oila-oila bo‘lib kelayotgani, farzandlarini kichik yoshidan boshlab kitob ko‘rgazmasiga olib kelib, bu ulkan xazinadan bahramand bo‘lishga o‘rgatayotganligini ko‘rib hayratda qoldim. Kuniga 200-250 ming kishi ishtirok etayotgan ushbu katta ko‘rgazmada katta yoshlilardan to kichkintoylargacha, ayolu erkaklar, yoshu qari, turli soha vakillari – hamma o‘ziga mos manbalarni topa oladi.
Aniq fanlarga yo‘nalgan pavilon, gumanitar fanlarga oid ilmiy nashrlar, nufuzli universitet va nashriyotlarning yangi kitoblarini ko‘rib tanlayotganlar, sotib olayotganlarni ko‘rib havasim keldi. Bizni hayratlantirgan narsa badiiy kitoblarning rastalaridagi odamlarning ko‘pligi. Kitoblarning nashr sifati esa alohida tahsinga sazovor. Ko‘zlarimiz quvnab, arabshunos adabiyotshunos, tarjimashunos tadqiqotchilarimiz uchun bir qator yangi roman va hikoyalardan sotib oldik.
Ilmiy adabiyotlar orasida fan tarixi bilan bog‘liqlari alohida. Ayniqsa, aruz ilmi tarixiga oid 3 jildlik go‘zal bir nashrlar majmuini olib ketmaslik mumkin emas edi.
Pavilonlarda qator tadbirlar, uchrashuvlar, muhokamalar o‘tkazilayotgani ham alohida e’tiborimizni tortdi. Tunislik yozuvchining o‘zi ishtirokida kitobi taqdimoti bir zalda, yoshlarga, tarixga oid kitoblar bo‘yicha muhokama va mushoiralarning alohida-alohida zallarda parallel tarzda o‘tkazilayotgani va bu jarayonda hech qanday shovqin-suronning sezilmasligi ham hayron qoldirdi.
Biz bolalar adabiyoti paviloniga kirib bordik. Ochiq osmon ostida arab folklori namunalari, qiziqarli ertaklarni milliy qo‘g‘irchoq teatri namoyishida tomosha qilishingiz mumkin. Gavjum yerdan o‘tib so‘nggi pavilonga yetib bordik. Ushbu zalda bolalar uchun shunday muhit yaratilganki, u yerga kirgan bolajonlar hech chiqqisi yo‘q. Butun pavilon bolalar bilan to‘la. Har tarafda kitob rastalari, bir tarafda milliy qo‘l mehnati – hunarmandchilik sirlarini bolajonlarga o‘rgatib mahorat darslari tashkil etilgan bo‘lsa, ikkinchi tarafda surat chizishga o‘rgatishyapti. Yana boshqa bir doirada katta yoshli bir kishi bolajonlar bilan viktorina o‘tkazyapti. Ko‘zlari yonib turgan faol bolajonlarni ko‘rib zavqingiz oshadi. Kitob sotuvchilar bolalarning yoshiga e’tibor qaratib tavsiyalarini bermoqdalar.
Ko‘rgazma mas’ullari bilan uchrashdik. Sharqshunos N.Abdullayevning arab tilida misrlik olim bilan yozilgan yangi O‘zbekistonning rivojlanish yo‘li va mavqeiga bag‘ishlangan kitobi, xorijliklar uchun o‘zbek tili intensiv kursi bo‘yicha darslik va boshqa kitoblar taqdim etildi.
Biz ham shunday sermazmun ko‘rgazmalarni tashkil etish orqali yoshlarda kitobga mehr uyg‘otish yo‘lini tanlashga yaxshi bir yo‘llanma bera olamiz deb o‘ylayman.
Gulchehra Rixsiyeva,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori
O‘zA