French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi”
15:40 / 2024-08-27

Buxoroda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda partiya faollari, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

–Partiyaning bosh g‘oyasi sanalgan ta’lim-tarbiyani  qayta isloh qilish, o‘zbek tilining mavqeini oshirish, o‘qituvchilar maqomini ko‘tarish, “Davlat tili haqida”gi qonunni qayta ishlab chiqish, milliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, Milliy kontent va ayollar uchun moslashgan ish o‘rinlari  yaratish kabi masalalarga  dastur loyihasida ustuvorlik  berilmoqda,– deydi  taqdimotda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova.

Tadbir davomida  bu yilgi  saylovoldi dasturda ham bosh g‘oya sanalgan “Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi” g‘oyasi asosida ta’lim yo‘nalishini yanada rivojlantirish, maktabgacha ta’lim jarayonidan boshlab maktablarda, oliy ta’lim muassasalarida faqat sifatli kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratish, xotin-qizlar uchun  jamiyatda munosib ish o‘rinlari  va mehnat sharoitini  yaratish, farzand tarbiyasiga alohida e’tibor  qaratish, milliy kadrlar tayyorlash  sifatini  yaxshilash  va, eng asosiysi, yoshlar bilan ishlashda  ularning xohish -istaklarini  inobatga olgan holda  kasbga tayyorlash  yoki ta’lim sohasi bo‘yicha yo‘nalishlarni belgilab berish kabi tarmoqlarni o‘z ichiga olgan dastur muhokama qilindi.  

Taqdimot marosimida ishtirokchilar tomonidan saylovoldi dasturi bo‘yicha  ta’lim sohasini isloh qilish, o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, iqtisodiy islohotlarni ham taraqqiyotimizga tayangan holda ishlab chiqish  bo‘yicha yangi  taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.

– Partiyaning yangi saylovoldi dasturi loyihasida yoshlar hayoti bilan bog‘liq taklif va tashabbuslar menga ma’qul keldi, – deydi Bobur nomidagi davlat stipendiyasi sohibi,  tadbir ishtirokchisi Shohijahon Urunov. –Partiya o‘z g‘oyalaridan kelib chiqib, biz yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyatini mustahkamlash, “ommaviy madaniyat”, ijtimoiy tarmoqlarning zararli ta’sirlari, terrorizm va ekstremizm illatlaridan himoya qilish, oila va nikohning muqaddasligini asrash bilan bog‘lik muhim takliflarni ilgari surganki, ular kelajakda har tomonlama yetuk inson bo‘lib voyaga yetishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

–Bugun qayerga qaramang, qayerga bormang, Davlat tili bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlariga ko‘zingiz tushadi, –deydi partiyadan saylangan viloyat Kengashi  deputati Lola Ergasheva. –Til millat borligini ko‘rsatuvchi eng asosiy qadriyat ekan, uni himoya qilish har birimizning vatanparvarlik burchimiz bo‘lishi lozim. Shu ma’noda partiya dasturida davlat tili maqomi va nufuzini oshirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar aynan bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, joylardagi ijrosini birdek ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, partiyaning bunday g‘oyalari hayotiyligini ta’minlash uchun saylovoldi dasturi targ‘ibotini kuchaytirish lozim, deb o‘ylayman.

Darhaqiqat, pirovard maqsad bo‘lajak saylovda eng yuqori natijaga erishish va saylovchilar ishonchini qozonishdir.

Zero, yagona maqsad xalqimizni rozi qilishga hissa qo‘shish, uning farovonligi, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida maqsadlarimizni amalga oshirishdir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri