Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson matonati – yutuqlar kafolati
17:43 / 2023-08-02

Bilasizmi, yo‘qmi, ammo poytaxtdagi kushxonalarning aksariyatida vohadan kelgan qo‘y-qo‘zilar so‘yiladi, “Chorsu”bozorida ham tong otmasdanoq boshlanadigan go‘sht savdosini kuzating, u yerda ham qorako‘lchilik xo‘jaliklaridan keltirilgan mahsulotlar.

Ne ajabki, bu poytaxtda narx-navoni ko‘tarilib ketmasligiga ham xizmat qiladi. Aslida esa qir-adirlarda turli giyohlarni yeb ulg‘aygan qo‘y-qo‘zilarning go‘shti shu qadar shifobaxsh bo‘ladiki, buni shaharda tug‘ilgan va qorako‘lchilik xo‘jaliklarida yashamagan kishi bilmasligi mumkin, ammo vohada go‘sht ko‘p iste’mol qilinadigan viloyatlarda yashayotgan odamlar qo‘y go‘shtidan boshqasini tan olmaydi.  

Qashqadaryoning tandir go‘shti esa nafaqat respublikamizda, balki o‘zbekning qadami yetgan dunyoning ko‘pchilik davlatlarida juda mashhur. Qolaversa, tandir go‘shtining xushbo‘y hidi dimog‘ni shu qadar qitiqlaydiki, asti qo‘yaverasiz. Beixtiyor chorvadoru tandirchining, tanti pazandaning otasiga rahmat deysiz. Tandir go‘shtini yeb dimog‘i chog‘ bo‘lgan sayyoh u qayerlik bo‘lishidan qat’i nazar yana O‘zbekistonni sog‘inib qolishi tayin. Ana shu sababli ham yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish uyushmasi raisi Erkin Hayitov bilan bog‘landik va Dehqonobod tumanidagi “Qo‘ng‘irot qorako‘lchilik ” MCHJ yaylovlarida bo‘ldik.  

MCHJ direktori Odiljon Shoto‘rayevning ta’kidlashicha, dunyoda qorako‘l qo‘ylarichalik chidamli va barakali jonivor yo‘q. Keyingi yillarda qorako‘lchilik sohasida olib borilgan islohotlar tufayli katta o‘zgarishlar yuz berdi, muhimi boqimandalik, davlat nima berar ekan, degan qarash yo‘q bo‘ldi. MCHJga qarashli chorva qatori aholi ixtiyoridagi qorako‘l qo‘ylar ko‘payib bormoqda. Ayni chog‘da xo‘jalikning 17 ming gektardan ortiq yayloviga yarasha 17 ming 200 boshdan ortiq qorako‘l qo‘ylar bor.  

Odiljon yosh bo‘lsada odamlar ko‘ngliga yo‘l topadigan, yo‘qni yo‘ndirib cho‘pon-cho‘liqlar muammosini o‘z vaqtida bartaraf etadigan yigit. U bir biridan ancha olisda joylashgan 54 otardagi cho‘ponlar hayotidan, tashvishlaridan doimo boxabar. Bundan tashqari, 150 nafardan ortiq kam ta’minlangan, ko‘makka muhtoj nogironlar ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Odiljonning so‘zlariga qaraganda bu yilgi qurg‘oqchilik cho‘pon-cho‘liqlarni biroz qiynab qo‘ydi. Ko‘klam mahali yaylovlarda turli giyohlar o‘sdi, biroq issiq kuchaygach barchasi qurib ketdi, qir-adirlar yalang‘och bo‘lib qoldi. Shu bois xo‘jalik ahli boshqa viloyatlardagi chorvadorlar bilan kelishgan holda qishlov uchun to‘yimli ozuqa tayyorlashga harakat qilmoqda. Bu tannarxni oshib ketishiga olib keladi, ammo boshqa chorasi yo‘q. Chorva naslini yaxshilash, qorako‘l qo‘ylar bosh sonini ko‘paytirish va ozuqa tayyorlash ishlari rahbar qatori bosh zootexnik O‘tkir Abdullayev, bosh vetvrach Abdurahmon Hakimovlar tomonidan ham doimiy nazoratga olingan.  

–O‘z kasbini puxta o‘zlashtirgan fidoyi cho‘ponlarimiz bor. Masalan, Mamayusuf Abdusattorovning ixtiyorida 320 bosh sovliq bor. Shu yil tajribali cho‘pon tug‘ilgan qo‘zilarning 80 foizini o‘stirishga qoldirdi. Ulug‘berdi Mirzayorov 252 bosh sovliqni, Qurbongul Do‘sboyeva esa 270 bosh sovliqni kasallikka chalintirmasdan parvarish qilmoqda. Bu yil ular tug‘ilgan qo‘zilarning 80 foizini o‘stirishga qoldirdi. Shuningdek ayni chog‘da xo‘jalik hududida qo‘ylarni bo‘rdoqiga boqishni ham rejalashtiryapmiz. Buning uchun joy ham, mutaxassislarimizda istak ham, iqtisodiy imkoniyatimiz ham yetarli, – deydi Odiljon. – Bu yil biz yana bir muammoga duch keldik. Qurg‘oqchilik boshlangach otarlardagi ayrim quduqlarda suv sathi pasayib ketdi, obi- hayot yo‘qoldi. Shu bois suv tashish xizmatini yo‘lga qo‘ydik. Avtomashina  ko‘magida otarlarga navbati bilan suv yetkazib beryapmiz. Yana bir yangilik. Pillachilik sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlardan ruhlangan holda biz ham 50 sotix joyda tutzor tashkil etdik. Har bir tut daraxtini erinmasdan sug‘orib chiqdik va bu yaxshi natija berdi,  birorta nihol qurib qolgani yo‘q. Qolaversa bu yil 200 kilogramm pilla topshirdik. Maqsadimiz kelgusi yil bu raqamni uch-to‘rt karra ko‘paytirish. Axir keyingi yillarda qo‘mita raisi Bahrom Sharipovning tashabbuskorligi tufayli pilla tillaga aylanmoqda, xom pillaga yuqori narx berilyapti.  

Odiljonning e’tirof etishicha, mashaqqatsiz, mehnatsiz hech narsaga  erishib bo‘lmaydi. Ayniqsa qorako‘lchilik sohasida.  

– Biz mahsuldorlikni oshirish, yaylovlarni boyitish maqsadida olimlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashni ko‘zlayapmiz. Bu xo‘jalik iqtisodini yanada oshirishda juda muhim. O‘tgan yil qishda, anomal sovuq payti otarlarga borib kelish juda qiyinlashdi. O‘shanda tumanimiz hokimi Zoyir Aliqulov transport masalasida ko‘maklashdi. Agar qorako‘lchilik sohasidagi so‘nggi ilmiy tavsiyalarni xo‘jalikda joriy etsak daromad oshadi, shunda biz o‘z muammolarimizni o‘zimiz hal etamiz, – deydi direktor biz xayrlasharkan.  

Abdunabi Aliqulov, O‘zA