French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson manfaatlarini ko‘zlagan dastur
05:13 / 2024-04-02

Joriy yil respublikamizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan yoshlar bandligini ta’minlashning yangi yo‘nalishlarini belgilash, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish asosiy maqsadlardan biriga aylandi.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va  biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bu borada asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’kidlashimiz kerakki, har yilgi davlat dasturi ishlab chiqilishida “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oyani amaliyotda ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki ko‘lamini kengaytirish, inson, jamiyat va davlatning o‘zaro yaqin hamkorligini o‘rnatish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

2024 yilgi davlat dasturi 5 ta yo‘nalish va 100 ta maqsaddan iborat bo‘lib, unda har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.  

Dasturning ahamiyatli tomonlaridan biri shundaki, unda joriy yilda amalga oshiriladigan islohotlarda birinchi o‘ringa shaxs, inson qadr-qimmati yuqori o‘ringa qo‘yilgan, xalq manfaati va qadr-qimmati asosiy mezonga aylangan.  

Xususan, dasturdagi birinchi maqsaddan o‘n uchinchi maqsadgacha maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim hamda oliy ta’lim tizimida ta’lim olish jarayonini rivojlantirish, o‘qituvchi va murabbiylarning huquq va manfaatlarini yanada mustahkamlash, yoshlarning turli loyihalar va tanlovlar orqali ilm olishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ularni zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirish borasida keng imtiyozlar yaratish belgilangan.  

Albatta, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlar barcha yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish, o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon qilish hamda ishsiz yoshlarni turli kasb-hunar va tadbirkorlik orqali bandligini ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘lishi shubhasiz.  

Farmonning 32-bandida “Yuksalish” harakati davlat dasturining amalga oshirilishini, jumladan, joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib borishi va natijalari bo‘yicha har oyda yuqori turuvchi organga axborot kiritib borishining mustahkamlab qo‘yilishi bizga katta ishonch va mas’uliyat yuklaydi.  

Jumladan, davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari  Harakatning mazkur band ijrosi bo‘yicha faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashib borishi, ularga zaruriy shart-sharoit yaratib berishining belgilab qo‘yilishi davlat dasturining samarali ijrosida katta omil bo‘lib xizmat qiladi.  

“O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berishiga, uni amaliyotga joriy qilishda barcha davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham kamarbasta bo‘lishiga ishonchimiz komil.  

Muzaffar Mamatqulov,  

“Yuksalish” harakati Jizzax viloyati  

hududiy bo‘linmasi rahbari.  

O‘zA