"Inson" loyihasi 50 mingdan ortiq aholiga sifatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi. Loyihaning maqsadi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub odamlar uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini va ularning sifatini yaxshilashdan iborat.
Loyiha ko‘magida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub fuqarolarga individuallashgan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi ishlab chiqiladi. 1200 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning kasbiy mahoratini oshirish va ish bilan ta’minlash, ulardan kamida yarmini 15-24 yoshli yoshlar tashkil qilishi belgilangan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov Jahon banki jamoasi bilan "Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini jamiyatga moslashtirishga qaratilgan innovatsion ijtimoiy himoya tizimi - INSON" loyihasining amalga oshirilishi bo‘yicha onlayn uchrashuvda ishtirok etdi.
Uchrashuvda loyihaning faol bosqichini boshlashni jadallashtirish, aholining ehtiyojmand qatlamlari, jumladan og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar uchun ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish hamda qamrovini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘rtasida loyihani belgilangan muddatlarda muvaffaqiyatli amalga oshirish, yaqindan hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA