Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson kapitalini rivojlantirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili
16:01 / 2023-02-24

Mamlakatda davlat xizmatchilarining intellektual salohiyati yuqori darajada bo‘lishi iqtisodiyot real sektorida innovatsion faoliyatning rivojlanishiga zamin yaratilib, natijada jamiyat a’zolari ehtiyojining doimiy ravishda qondirilishiga erishiladi.

Inson resurslarini rivojlantirish, jumladan, davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini uzluksiz ravishda oshirib borish bugungi kunning asosiy talablaridan biridir. Yuqori malaka va ko‘nikmaga ega kadrlar islohotlar samarasining garovidir.  

Ana shunday hayotiy haqiqatdan kelib chiqqan holda, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyati filiali tomonidan 2022 yil davomida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va ularning kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz ravishda oshirib borish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.  

Dastlab, tashkilotlar kesimida malaka oshirmagan davlat xizmatchilari kontingenti aniqlanib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha oyma-oy amalga oshiriladigan “buyurtma portfellari” shakllantirildi va ular yil davomida malaka oshirish kurslarida o‘qitildi.  

Jumladan, 601 nafar o‘rta bo‘g‘in davlat xizmatchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning Samarqand viloyat filialida malakasi oshirildi. 2590 nafar quyi bo‘g‘in davlat xizmatchilari esa masofaviy ta’lim platformasi orqali o‘qitildi. Shuningdek, viloyat bo‘yicha 3000 dan ortiq davlat xizmatchilari ilm.argos.uz elektron platformasidan foydalanib o‘z bilimlarini oshirib bormoqda.  

Ma’lumki, ta’limga kiritilgan investitsiya jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Bu amalda isbotlangan. bugungi kunda yoshlarni yuqori malakali kasb egalari qilib tayyorlash yangi O‘zbekistonning ustuvor davlat siyosati hisoblanadi.  

Xususan, bugungi kunda malakatimizda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 30 foizga yetdi. Oliy ta’lim muassasalari soni esa qisqa muddatda qariyb ikki barobarga o‘sib 170 tadan ortdi. Xususiy oliy ta’lim muassasalari soni esa 55 tani tashkil etmoqda.  

Navoiy viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan ikkita davlat oliy ta’lim muassalari – Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Navoiy davlat pedagogika instituti, shuningdek 2 ta nodavlat “Navoiy innovatsiyalar Universiteti” va “Profi  University” ta’lim muassasalari hudud yoshlarining 12-15 foizini qamrab oladi.  

Navoiy viloyati sanoatlashgan hudud hisoblanib, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasiga Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy, Singapur va boshqa davlatlar investitsiyalari jalb etilishi evaziga yangi ish o‘rinlari tashkil etilayotgan bo‘lsada, malakali va zamon talablariga javob beruvchi sanoat, energetika, injiniring, muhandis texnolog, IT dasturlashning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar yetishmovchiligi saqlanib qolmoqda.  

Ta’lim bilan bir qatorda insonning salomatligiga bo‘lgan e’tibor ham muhim hisoblanadi. Bu bilan kasalliklar va o‘limning qisqarishiga, inson umrining mehnatga layoqatli qismining uzayishiga, shu bilan bir qatorda, inson kapitalining faoliyat ko‘rsatish vaqtining uzayishiga erishiladi.  

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda davlat fuqarolik xizmatchisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish ijtimoiy himoya chorasi sifatida kafolatlangan. Shu maqsadda joriy yilning 7-10 fevral kunlari viloyat hamda tuman (shahar) hokimlarining 257 nafar xodimlari 20 ga yaqin tor mutaxassislar ishtirokida birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 178 nafar xodimlarda 10 ga yaqin turli darajadagi kasalliklar aniqlandi. Xodimlarda aniqlangan kasalliklar xavf guruhi bo‘yicha tayanch, past, o‘rta va yuqori guruhlarga ajratilib, barcha xodimlarga tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha xulosalar va zarur tavsiyalar berildi.  

Shuni alohida qayd etish joizki, o‘tkazilgan tibbiy tahlillar, yuzma-yuz muloqotlar va qilingan xulosalar davlat xizmatchilari faoliyatida sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotga aylantirish hamda ular salomatligini doimiy nazorat qilib borish zarurligini ko‘rsatdi.  

Tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha kasalliklar aniqlangan xodimlarni davolash, ularni salomatligini tiklash va mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, jismoniy faolligini oshirish, shuningdek “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.  

Ushbu ishlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirishdir.  

2023 yil mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berilgani ham bejizga emas. Aslida, bundan ko‘zlangan maqsad inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim-tarbiyani Yangi O‘zbekistonning tamal toshiga aylantirish orzusi mujassamdir.  

 

Abror LATIPOV,  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi  

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi  

Navoiy viloyati filiali bosh inspektori  

O‘zA