XXI asr iqtisodiyotida milliy taraqqiyotning asosiy omili tabiiy resurslar emas, balki inson kapitali ekani barcha xalqaro tadqiqotlarda tasdiqlangan. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatlar boyligining o‘rtacha 64 foizi inson kapitaliga, 20 foizi tabiiy resurslarga, 16 foizi esa fizik kapitalga to‘g‘ri keladi. Demak, inson salohiyatini rivojlantirish – iqtisodiy o‘sishning uzoq muddatli kafolati hisoblanadi.
Jahon bankining “Human Capital Index 2020” hisobotiga ko‘ra, inson kapitali yuqori bo‘lgan davlatlar barqaror iqtisodiy o‘sishga erishib, milliy daromadda yuqori ko‘rsatkichlarni ta’minlamoqda. Masalan, Finlyandiya, Singapur va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda inson kapitali indeksi 0,8-0,9 darajani tashkil etsa, ayrim rivojlanayotgan davlatlarda bu ko‘rsatkich 0,5 dan past.

O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim sohasida oliy ta’lim qamrovi 2017 yilda 8,3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024/2025 o‘quv yilga kelib 47,7 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida eng yuqori sur’atda o‘sishdan dalolat beradi. Xalqaro reytinglarda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda: QS World University Rankings ro‘yxatida bir qator O‘zbekiston universitetlari ilk marta paydo bo‘ldi, bu esa milliy oliy ta’lim tizimining xalqaro raqobatga kirib borayotganini ko‘rsatadi.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham inson kapitaliga sarmoya sezilarli darajada ortmoqda. Davlat byudjeti xarajatlarida sog‘liqni saqlash ulushi 2016 yilda 9 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda 15 foizdan oshgani ma’lum. Tibbiy xizmat qamrovi kengayib, onalar va bolalar salomatligi ko‘rsatkichlari yaxshilanmoqda.
Mehnat bozorida esa yangi siyosatlar orqali inson kapitaliga investitsiya kuchaymoqda. Hozirgi vaqtda 200 dan ortiq kasb-hunar markazlari orqali yoshlar zamonaviy kasblarga o‘qitilmoqda.
Xalqaro tajribalar ham inson kapitali taraqqiyotining iqtisodiy o‘sishga ta’sirini yaqqol ko‘rsatadi. Janubiy Koreya 1960 yillarda kishi boshiga yalpi ichki mahsulot bo‘yicha 100 dollar atrofida bo‘lgan holda, ta’lim va inson kapitaliga ustuvor sarmoya orqali 2023 yilda bu ko‘rsatkichni 35 ming dollardan oshirishga erishdi. Finlyandiya ta’lim tizimida islohotlar amalga oshirib, innovatsion iqtisodiyot qurdi va “Global Innovation Index” ro‘yxatida yetakchi o‘rinlarni egalladi.
O‘zbekiston uchun ham asosiy xulosa shuki, inson kapitaliga qaratilgan har bir sarmoya bu uzoq muddatli milliy taraqqiyotning eng samarali investitsiyasidir. Ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash va kasbiy tayyorgarlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning xalqaro raqobatbardoshligini oshirib, iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, inson kapitali – milliy taraqqiyotning strategik resursi, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri va Yangi O‘zbekistonning kelajakdagi global nufuzini belgilaydigan eng muhim omildir. Insonga qaratilgan har bir sarmoya – bu kelajakka yo‘naltirilgan eng ishonchli investitsiya hisoblanadi.
I.Zaynutdinov,
Toshkent davlat sharqshunoslik
universiteti dotsenti