"Inson kapitali indeksi-2020” reytingida Oʻzbekiston natijalari
Jahon Banki tomonidan joriy yil centyabr oyida dunyo davlatlarining 2020-yil uchun Inson kapitali indeksi eʼlon qilingan edi.
Jahon Banki tomonidan joriy yil centyabr oyida dunyo davlatlarining 2020-yil uchun Inson kapitali indeksi eʼlon qilingan edi.
Dunyo aholisining 98 foizi istiqomat qiluvchi 174 ta mamlakat ishtirok etgan mazkur reytingdan ilk marotaba Oʻzbekistondagi sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasiga oid maʼlumotlar oʻrin oldi.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi va Jahon banki hamkorligida oʻtkazilgan “Inson kapitali indeksi-2020” reytingida Oʻzbekiston natijalariga bagʻishlangan onlayn konferensiyada yurtimizda inson kapitalini rivojlantirishda taʼlim sifati, xalqaro tadqiqotlarning ahamiyati borasida soʻz yuritildi. Mavjud yutuq va kamchiliklar soha vakillari ishtirokida muhokama qilinib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Tadbirda Jahon banki mutaxassisi Aisha Vavda xonimning “Inson kapitali indeksi-2020 boʻyicha Oʻzbekiston natijalari” yuzasidan taqdimoti tinglandi. Taʼlim inspeksiyasi mutaxassislari “Inson kapitali indeksi-2020 reytingida taʼlim sifati komponenti tahlili”, “Covid-19”ning taʼlimga taʼsiri, taʼlimdagi yoʻqotishlar” singari mavzularda maʼruza qildi.
Jahon banki tomonidan dunyo mamlakatlarining inson kapitali indeksi ilk marotaba 2018-yilda eʼlon qilingan. Oʻzbekistonda mazkur reytingdan oʻrin olish uchun harakatlar bir necha yil oldin boshlangan. 2018-yilda eʼlon qilingan “Inson kapitali indeksi-2018” reytingida Oʻzbekiston Respublikasining maʼlumotlari eʼlon qilinmagan. Bunda Jahon banki Oʻzbekiston tomonidan taqdim etilgan sogʻliqni saqlash va iqtisodiy koʻrsatgichlarnigina qabul qilgan.
Lekin 2017-yilgacha Oʻzbekiston maktab oʻquvchilarining bilimini aniqlash uchun oʻtkazilgan monitoring ishlari xalqaro standartlarga mos emasligi sababli taʼlim sifati (oʻquvchilarning bilimini baholash) boʻyicha taqdim etilgan maʼlumotlar qabul qilinmagan.
Jahon Banki sobiq prezidenti janob Jim Yong Kim davlatimiz rahbariga Oʻzbekistonning Inson kapitali loyihasida ilk qaldirgʻoch davlatlardan biri sifatida ishtirok etishini taklif etgan. Mazkur taklifga binoan Oʻzbekistondan inson kapitali loyihasiga koordinatorlar etib Taʼlim inspeksiyasi hamda Xalq taʼlimi vazirligi rahbarlari tayinlangan edi. Shundan soʻng, oʻtgan yilning aprel oyida AQSHning Vashington shahrida tashkil etilgan Jahon Banki Inson kapitali loyihasining xalqaro forumida Oʻzbekiston vakillari ham ishtirok etishdi.
Jahon banki vakillari Oʻzbekistonning indeks tadqiqotlarida birinchi marta ishtirok etayotganini hisobga olib, indeks uchun maʼlumotlar tayyorlash va xalqaro reytingni aniqlash uchun tashkil qilinadigan sinovlarni oʻtkazishda Taʼlim inspeksiyasiga ishonch bildirdi.
Taʼlim sifatini yaxshilash uchun qilinayotgan ishlar doirasida Taʼlim inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi va Jahon banki bilan hamkorlikda Oʻzbekistonni “Inson kapitali indeksi” reytingiga kiritish boʻyicha muzokaralar olib borildi.
2019-yilning noyabr oyida Jahon banki bilan hamkorlikda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari asosida matematika boʻyicha maktab oʻquvchilarining bilimini oʻrganish boʻyicha sinovlar tashkil etildi. Taʼkidlash joizki, ushbu sinovlar uchun amaliy koʻnikma va mantiqiy fikrlashni baholashga qaratilgan savollar xalqaro tan olingan testologlar tomonidan tuzildi. Mazkur sinovlarda qayd etilgan natijalar ham Jahon banki tomonidan Oʻzbekistonda inson kapitalini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlarda foydalanildi. Natijalarga koʻra, oʻquvchilarning oʻrtacha bilim koʻrsatkichi shkala boʻyicha 474 ballni tashkil etdi. Oʻquvchilar tomonidan olingan bilimlar miqdorini hisobga olgan holda bolalarda oʻrtacha maktab yillari 9,1 yilni tashkil etadi.
Jahon banki tadqiqotlarida standartlashtirilgan test natijalariga koʻra, oʻquvchilarning bilim koʻrsatkichi 625 ball eng yuqori, 300 ball esa eng past koʻrsatkich deb olinadigan boʻlsa, Oʻzbekiston qayd etgan natijani tadqiqotlardagi birinchi ishtirok uchun yaxshi natija sifatida baholash mumkin.
Konferensiyada taʼkidlanishicha, 2019-yilning noyabr oyida oʻtkazilgan sinovlarda mamlakatimiz oʻquv dasturlariga yaqin boʻlgan TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollaridan foydalanilgan. 2021-yilning aprel-may oylarida tajriba-sinov tariqasida, 2022-yilda esa asosiy tadqiqot sifatida oʻtkaziladigan PISA va 2021-yilning aprel oyida oʻtkaziladigan PIRLS tadqiqotlari natijalari indeksdagi vaziyatni oʻzgartirishi mumkin.
Chunki mazkur tadqiqotlar metodologiyasi Oʻzbekiston taʼlim tizimidan ancha farq qiladi. Shuning uchun ham ushbu tadqiqotlarga tayyorgarlik boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yana-da kuchaytirish lozimligi aytildi.