Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson jamiyatni o‘zgartiradi, ta’lim esa insonni
18:26 / 2023-08-14

Bugungi davr talablari kechagi kunning mezonlaridan butkul farq qiladi. Hozir zamonaviy fikrlaydigan, eng so‘nggi yangiliklar bilan hamnafas yashaydigan, kun sayin dunyoqarashni boyitib boradigan kadrlarni tayyorlashga ehtiyoj oshmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, oliy ta’lim tizimi zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.

Ta’lim tizimida joriy qilinayotgan yangiliklar oliy ta’lim muassasalarida pedagog kadrlar salohiyati va ta’lim sifatining oshirilishida, oliy ta’lim muassasalariga eng iqtidorli yoshlarning qabul qilinishida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli hamda tizimli o‘zgarishlarda ta’lim muassasalarining faol ishtirok etishini ta’minlashda qo‘l kelishiga aslo shubha yo‘q. Ta’lim sohasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani barchamizga birdek ma’lum. Kelgusi o‘quv yilidan yoshlarimizning maktabda o‘qigan baholarini inobatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Endi abituriyentlar 3 ta asosiy va 2 ta qo‘shimcha fanni tanlab, test sinovlaridan o‘tadi va uning natijalariga qarab oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, avval xorijiy tillardan xalqaro sertifikati bor abituriyentlarga chet tilidan imtihon topshirmaslik imtiyozi berilgan bo‘lsa, endi bu imtiyoz matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro tan olingan sertifikati bor yoshlarga ham tatbiq etilishini alohida ta’kidlash joiz.  

Yangi O‘zbekistonning muhim poydevori yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarning cheki yo‘q. Maqsad esa bitta – u ham bo‘lsa bilimli va salohiyatli kadrlarni yetishtirish. Shubhasiz, ta’lim sifatini oshirish mamlakatimiz kun tartibida turgan dolzarb masalalardan biridir. Zero, buning zamirida mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishga qodir bo‘lgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash masalasi bor. Prezidentimiz ta’lim-tarbiya keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak, degan o‘ziga xos da’vatni ilgari surmoqda. Sifatli ta’lim yangi marralarni egallashga olib keladigan eng qisqa va oqilona yo‘ldir. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur sohadagi tub o‘zgarishlar o‘z natijasini o‘rta va uzoq istiqbolda ko‘rsatadi. Keyingi yillarda ta’lim sohasi xodimlarining jamiyatdagi o‘rni butunlay o‘zgardi, pedagoglar maoshi bir necha marotaba oshdi. Davlat rahbarining saylovchilar bilan uchrashuvida ta’lim muassasalariga dunyoning nufuzli oliygohlaridan yetakchi professorlarni jalb qilish lozimligini, professor-o‘qituvchilarning ish haqi kamaytirilmasdan, o‘quv yuklamasi 25 foizga qisqartirilishini alohida ta’kidladi. Bu esa millat farzandlariga ta’lim-tarbiya berayotgan ustozlar ko‘nglini yuksaklarga ko‘tardi, orzulariga qanot berdi.  

Bugun oliy ta’lim tizimida keskin burilishlar yuz bermoqda. Juda ko‘p yangi oliy o‘quv yurtlari, jumladan, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda yangi universitetlar, nufuzli oliygohlarning filiallari ochilmoqda. Oliy ma’lumot olaman, degan yoshlar uchun kvotalar muntazam ko‘paytirilmoqda. Hozirda yurtimizdagi oliygohlar soni 3,5 barobar ko‘payib, 200 tadan oshdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga ortdi. Biroq, shu o‘rinda ta’lim sifatini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Tan olish kerak, bu borada ham chora-tadbirlar ko‘rildi va kelajakda ham sifat uchun kurashiladi.  

Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universitetida mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Universitet yurtimizga pedagog kadrlarni tayyorlab beradigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.  Bu yerdagi 13 fakultet, 38 kafedrada 800 dan ortiq professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu mutaxassislarning 21 nafari fan doktori (DSc), 211 nafari fan nomzodlari (PhD). Bulardan tashqari, oliygohda 30 dan ortiq tayanch va bir nafar doktorant tahsil olmoqda. Oliygohda 30 bakalavriat yo‘nalishi va 20 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlanadi. Jami talabalar soni 20 ming nafarni tashkil etadi. Keyingi 5-6 yil davomida Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi ko‘plab davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. E’tiborli jihatlardan yana biri shundaki, universitet ayni paytgacha 45 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan va ularning 8 tasi “Top–1000” talik ro‘yxatiga kiradi. Ayni paytgacha 20 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarida “stajirovka”da bo‘ldi.  

Universitet asosan, yosh olimlar, tadqiqotchilarning nufuzli xorijiy universitetlarga borib malaka oshirishlarini tashkil etmoqda. Masalan, o‘qituvchilarning zamonaviy laboratoriyalarda mashg‘ulot o‘tkazish borasidagi malakasi, yangi texnologiyalarni boshqarish bo‘yicha tajribasi oshishi bilan bir qatorda ilmiy-tadqiqot ishlarini chet elda tadqiq etish, himoya qilish ko‘nikmasi ham ortishiga xizmat qiladi.

Jizzax davlat pedagogika universitetida talabalarining texnik-konstruktorlik va muhandislik yo‘nalishidagi ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan robototexnika, IT, 3D modellashtirish, prototiplash to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda ushbu to‘garaklarga 100 ga yaqin talabalar a’zo. Shuningdek, oliygohda “Talabalar akademiyasi” hamda “Kreativ” klublari faoliyat yuritmoqda. Ushbu akademiyaga 300 nafardan ziyod talaba yoshlar a’zo bo‘lgan. Respublika va xalqaro fan olimpiadalarida 5 nafar talaba yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, turli tanlov va intellektual o‘yinlarda 8 nafar iqtidorli talaba yuksak natijalarni qayd etdi. Bu yil oliygohni 5 mingga yaqin talaba yoshlar bitirdi. Ularning 41 nafari imtiyozli diplomga ega bo‘ldi. Bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash borasida bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari o‘tkazildi. Bu tadbirlarda 2 mingdan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi. Ayni paytda, 123 nafar bitiruvchi yoshlar bilan uch tomonlama shartnomalar imzolangan. O‘tgan o‘quv yilida universitetda “Ayollar daftari” ga 10 nafar, “Yoshlar daftari” ga 43 nafar, “Temir daftar” ga kirgan 4 nafar hamda kam ta’minlangan 265 nafar, nogironligi mavjud 99 nafar, boquvchisini yo‘qotgan 152 nafar talaba moddiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj ekanligi inobatga olinib, bir necha marta ijtimoiy yordam bilan qamrab olindi.

Bugun pedagoglardan talab qilinadigani mas’uliyat, yangilikka intilish, yangicha fikrlash. Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi. Bugun maktablarda ana shunday yangicha fikrlaydigan, yangilikka intiladigan, mas’uliyatli o‘qituvchilar necha foizni tashkil etadi? Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda bugungi kunda 504 ming pedagogdan 12 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli, 38 foizida esa umuman malaka toifasi yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining til bilishdagi nuqsonlari va dars jarayonlaridagi xato kamchiliklarini ko‘rib achinasan kishi. Bugun o‘z bolasini oliy ma’lumot olishini istamagan ota-ona kamdan kam topilsa kerak. Ko‘pchilik ota-onalar maktablarda o‘tilayotgan dars sifati past ekanligini, farzandlarini aynan qo‘shimcha darslarga qo‘yishganidan so‘ng ijobiy o‘zgarishlar yuzaga kelayotganini ko‘p bora ta’kidlashadi. Bu ko‘z yumib bo‘lmaydigan haqiqat. Bolasini yaxshi va sifatli ta’lim olishi uchun ota-ona maktabdan tashqari qo‘shimcha dars olishga ham qarshilik qilmaydi. Bugun maktab ta’limiga chuqur islohotlar zarur. Yangi ta’lim dasturini joriy etish bilan bir qatorda o‘qituvchilar saviyasi ham oshirib borilishi lozim. Buning uchun esa oliy ta’lim hamda maktab hamkorligini yanada kuchaytirish, “Ustoz shogird” an’anasini shakllantirish lozim. Yuqori sinf o‘quvchilari uchun kimyo-biologiya laboratoriyalari, fizika-matematika, tarix va geografiya uchun jihozlangan sinflar bilan bir qatorda zamonaviy o‘qitish tizimiga o‘tish, asosan, har bir mavzu bo‘yicha videodarsliklar tayyorlanishi kerak. Davlat rahbari har bir yig‘ilishda sohaga oid tadbirlarda maktablardagi ta’lim sifati va mazmuniga keskin baho berib keladi.  

Bugungi o‘qituvchi o‘quvchining barcha qiziqishi, salohiyatini ko‘ra biladigan hamda yuksalishi uchun bor kuchini beradigan kuchli shaxs bo‘lish lozim. Darsni qiziqarli o‘tish ham aslida san’at. Bugungi o‘qituvchi eskicha yodlash usullaridan voz kechsin, o‘quvchi va talabani mustaqil fikrlashga o‘rgatsin, fikrini charxlashga doir butunlay yangi pedagogik usullarni tatbiq etsin. Har bir oila, har bir bola hayoti maktab bilan uzviy bog‘liqdir. Maktabdagi ta’lim sifati nazorati davlatning, jamiyatning eng muhim ishlaridan biri hisoblanadi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, “Maktabda o‘qitish metodikasi o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham o‘zgarmaydi”.  

Jamiyat taraqqiyoti asosini – ilm-fan, ta’lim-tarbiya, san’at, adabiyot, yangi texnologiya, innovatsiyalar tashkil etishi, bugun oddiy insonga ham oynadek ravshan. Shunday ekan, ilm-fanni kim o‘rgatadi? Albatta, o‘qituvchi, ustoz! Ustoz va muallimlar haqida shu choqqacha ko‘p va xo‘p gapirib kelinayotgan bo‘lsak-da, uning hurmatini joyiga qo‘yish borasida shu kunga qadar amaliy tashabbuslar bugungidek keng miqyos kasb etmagan edi. Endilikda, Yangi Konstitutsiyada o‘qituvchining jamiyatda tutgan o‘rnini yuksak darajada e’tirof etilib, muhrlab qo‘yildi. Zero, ta’lim va tarbiya, ularning uyg‘unligi masalasi har qanday jamiyat rivojining ustuvor yo‘nalishi sanaladi. Yurt farovonligi esa shubhasiz, ta’limning qanchalik rivojlanganligiga bog‘liq.

Shavkat Sharipov,  

Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor  

O‘zA