Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson izlasa imkon topadi
14:43 / 2021-01-30

Xalq banki Buxoro viloyati filiali boshlig‘ining ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosari Nargiza Latipova joylarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qo‘lida hunari bor, ammo imkoniyati yo‘q, avval o‘qitish, kasb va hunar o‘rgatish, so‘ng imtiyozli kreditlar ajratish, xotin-qizlar qobiliyatini yuzaga chiqarib, tadbirkolikka yo‘naltirish, xalq bankining yirik mijozlari imkoniyatlaridan foydalanib, bo‘sh ish o‘rinlariga xotin-qizlarni ishga joylashtirish maqsadida xotin-qizlar bilan uchrashib muammolarni o‘rganmoqda.

Shunday uchrashuv Vobkent tumanining “Shanba” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tdi. Mahalla hududida 23 nafar ayollar “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ishsiz ijtimoiy himoyaga muxtoj xotin-qizlar bilan o‘quv-seminar tashkil qilindi.

Seminarda xotin-qizlarning bandligida uchrayotgan muammolar haqida gapirishdi. Muammolar yechimi bo‘yicha bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Yechim izlanib, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Ularga tajribali tadbirkorlar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi.

Shu mahallaning tadbirkori Gavhar Amirullayeva tomonidan yer ajratish, tadbirkorligini yanada kengaytirib, ayollarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha tashabbus ilgari surildi.

Hilola Yo‘ldosheva tikuvchilikni yo‘lga qo‘yish uchun tikuv mashinasi, Nozima Xudoyorova tovuqchilik bilan shug‘ullanishini, Feruza Baqoyeva bedanachilikni rivojlantirishni bildirdi. Buning uchun imtiyozli kredit ajratishda amaliy yordam berishlarini so‘radi. Ayollarga Vobkent tumani Xalq banki o‘rinbosari Zarina Allamuradova imtiyozli kreditlar bo‘yicha tushuntirish berdi.

Dildora Xo‘jayeva ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan biri. Uning ham bolasi, ham turmush o‘rtog‘i nogiron. Shunday bo‘lishiga qaramay Dildora opa doim shukr qilib yashaydi. Uyida tovuqchilik bilan shug‘ullanadi. Qishloq vrachlik punktida xizmatchi bo‘lib ishlaydi.

– Peshonamda shunday yozilgan ekan deb qo‘limni qovushtirib o‘tirganim yo‘q, – deydi Dildora Xo‘jayeva biz bilan suhbatda. – Faqat shukr qilib yashayman. Davlatdagi ishim, uydagi ishlarimni bo‘lganimdan so‘ng, kechga har doim uyimda ko‘rpacha qavish bilan shug‘ullanaman. Buyurtmachilarim ham ko‘p. Inson izlasa imkon topadi, eng muhimi xohish. Men xohladim va uddalay olyapman. Agar xohlashsa mahalladagi ayollarga ham o‘rgataman hunarimni. Bugun imkoniyat yaratilibdimi unumli foydalanish kerak.

Zarif Komilov, O‘zA