Shomurod Jo‘rayev Kogon tumani Hukumatobod mahallasida xotini, tutingan o‘g‘li va kelini bilan istiqomat qiladi. 2013 yildan buyon bemor.
– Hozir 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan, – deydi Kogon tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazi shu’ba mudiri Maqsud Ergashev. – Undan doimiy tarzda xabar olib turamiz. Bir kuni Shomurod aka tobora harakatdan qolayotganligi sabab ko‘chaga chiqolmayotganligi, nogironlik aravachasiga ehtiyoji borligini bildirdi. U oddiy nogironlik aravachasida harakatlana olmasligini inobatga olgan holda aravachaning elektron turini olish uchun harakat qildik. Natijada Shomurod akaga o‘zi istaganidek elektron nogironlik aravachasi berdik.


Buxoro viloyatida joriy yil 1 yanvar holatida 54 713 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan. 2023 yil davomida ularning 216 nafari to‘liq reabilitatsiya qilingan. 248 nafarining nogironligi yengillashtirilgan. Shuningdek, 429 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga nogironlik aravachasi, 36 nafariga eshitish moslamasi, 351 nafariga qo‘ltiqtayoq, 708 nafariga hassa, 14 nafariga yurish moslamasi, 99 nafariga oyoq protezi, 18 nafariga qo‘l protezi, 256 nafariga ortopedik poyabzal taqdim etilgan. Qolaversa, o‘tgan 2023 yil davomida 124 nafar nogironligi bor shaxs ishga, 78 nafari o‘qishga joylashgan bo‘lsa, 16 nafari kasb-hunarga o‘qitildi.


Buxoroda 647 nafardan ortiq o‘zgalar parvarishiga muhtoj yakka-yolg‘iz keksa bo‘lib, ularga qarash, uy yumushlariga ko‘maklashish maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazida ijtimoiy assistentlar faoliyat ko‘rsatadi. 2023 yilda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun “Buxoro” sanatoriyasi va “Jo‘yzar” sog‘lomlashtirish maskanida dam olishi, davolanishi uchun 370 nafar keksa va yolg‘iz yashaydigan keksa nuroniyga yo‘llanmalar taqdim etilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri