O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab:
a) zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ular tegishli protsessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi;
b) bolalarga nisbatan ularning qonuniy vakillari yoki boshqa qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishni sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlaridagi barcha protsessual harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organi vakili majburiy tartibda ishtirok etadi;
v) zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi;
g) mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq, aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
Qarorga ko‘ra, davlat muassasasi shaklida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi hamda uning Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Buxoro viloyatlarida mintaqaviy bo‘linmalarini tashkil etiladi.
2026 yil 1 martdan boshlab "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun "mehrli oila" xizmati tashkil etiladi. Bunda:
a) "mehrli oila" xizmati Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi tomonidan tashkil etiladi;
b) "mehrli oila" xizmatiga ota-onalar Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining qarori asosida jalb qilinadi;
v) "mehrli oila" xizmatiga jalb qilingan ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ga farzandlarining psixofizik xususiyatlarini inobatga olgan holda oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish uchun "oilaviy terapiya" xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.
2026 yil 1 aprelga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligining "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar hamda zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni almashish va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona elektron platforma ishlab chiqiladi.
O‘zA