Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston aholisiga murojaatnomasini diqqat bilan kuzatdik. Uzoq yillardan buyon sud-huquq sohasida faoliyat olib borayotganim uchun mazkur hujjatdagi sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish yuzasidan davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar katta qiziqish uyg‘otdi.
Albatta, oxirgi olti yil ichida mamlakatimizda sud-huquq sohasini yanada takomillashtirish, sudlar mustaqilligiga erishish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida ko‘p ishlar amalga oshirildi. Biroq, Yurtboshimiz amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga qaramasdan, hozirda ham tergov sifati pastligini, sudlarda odamlarning ortiqcha ovora bo‘layotganliklarini hamda sud qarorlarining ijro etilmay qolayotganligini, fuqarolarga davlat hisobidan bepul yuridik xizmat ko‘rsatadigan advokatlarni “elektron tanlash” tizimi hanuzgacha ishga tushirilmaganligini tanqid ostiga oldi.
Shuningdek, murojaatnomada qisqa muddat ichida huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratilishini alohida qayd etilib, bunda eng avvalo fuqarolarning sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham berilishi, viloyat sudlarining odil sudlovga amalga oshirish borasidagi vakolatlari yanada kengaytirilishi, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolati prokurordan sudga o‘tkazilishi, bundan keyin mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali amalga oshirilishi, sud ishlarida qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantirishi, sudlar tomonidan jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinishi, odil sudlovni ta’minlashda advokatlarning huquqlari ham kengaytirilishi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, murojaatnomada jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchining himoyadan voz kechishi bo‘yicha har bir holat yuzasidan prokuror va sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim yaratilishi, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni vaqtincha ushlab turish joylarda hisobga olishning onlayn tizimi joriy etilishi va ushbu joylarda yuzni tanib olish usunalarini o‘rnatilishi va bu orqali inson huquqlarining har qanday ko‘rinishdagi buzilishlarini oldini olish ta’minlanishi alohida qayd etib o‘tildi. Ushbu masalalarni tez kunlarda hal etilishi Ichki ishlar tizimidagi shaxslarni vaqtincha ushlab turish joylarida oxirgi vaqtlarda uchrayotgan qiynoqqa solish va tazyiq o‘tkazish holatlariga barham beradi.
Murojaatnomada ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilinganda, ishlarni eksterritorial tartibda, ya’ni boshqa hududda ham ko‘rish amaliyoti joriy qilinishi hamda mamlakatimizda mulk va investitsiyaning himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida “Xalqaro tijorat sudini tashkil qilish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanganligi ta’kidlab o‘tildi.
Murojaatnomada sud-huquq sohasi bo‘yicha qayd etib o‘tilgan har bir yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirilishi yurtimizda inson huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Abdurahmon Safoyev,
Namangan viloyati sudining fuqarolik
ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi
O‘zA