Tadbir Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya hamda Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, davlat idoralari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, mahalla raislari, xotin-qizlar faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar markazida inson va uning huquq hamda qonuniy manfaatlari turadi. Bu borada aholining huquqiy xabardorligi va huquqiy madaniyatini oshirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Tadbirda Ombudsman faoliyatining aholining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan yo‘nalishlari yuzasidan ma’lumot berildi. Murojaatlar tahlili chekka hududlarda huquqiy tushunchalarga ehtiyoj yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Shu maqsadda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, aholi bilan ochiq muloqot va huquqiy tushuntirish ishlarini samarali yo‘lga qo‘yishga xizmat qilayotgan “Ombudsman maktabi”, maktab o‘quvchilarining huquqiy savodxonligini mustahkamlashga qaratilgan “Ombudsman soati”, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga psixologik, huquqiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishni nazarda tutuvchi “Tenglik va hurmat” loyihalarining amalga oshirilishi haqida axborot berildi.
Davra suhbatida umumta’lim muassasalarida inson huquqlari bo‘yicha dars o‘tayotgan o‘qituvchilarning bor-yo‘g‘i 13 foizi huquq sohasi mutaxassislari ekani qayd etildi. Shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilayotgan onlayn platformalar, interaktiv resurslar va maxsus ta’lim dasturlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

– Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan demokratik yangilanishlar, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi islohotlar har bir fuqaroda yuqori huquqiy ong va huquqiy madaniyat bo‘lishini talab etmoqda, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Lola Saodatova. – Shahrisabzda o‘tkazilayotgan bugungi tadbir ham ana shu maqsadga xizmat qiladi. Chunki temuriylar merosida ham inson qadrini ulug‘lash tamoyili ustuvor bo‘lgan. Yangi qabul qilingan qonun va qarorlar, xususan, Ombudsman instituti vakolatlarining kengayishi odamlarning huquqlarini himoya qilishda yangi bosqichni boshladi. Bugun aholining murojaatlari keskin oshgani ham ularning o‘z huquqlariga befarq emasligini ko‘rsatadi. Biz “Ombudsman maktabi”, “Ombudsman soati” loyihalari, kiberxavfsizlik, mehnat munosabatlari va odam savdosi bo‘yicha targ‘ibotlar orqali fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirishni davom ettirmoqdamiz. Eng muhimi aholining huquqiy madaniyati oshishi inson huquqlari va manfaatlarida asosiy omil hisoblanadi.

Shuningdek, Ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida aholining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan asosiy yo‘nalishlar muhokama qilindi. Jumladan, gender tengligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlaridagi qonuniy kafolatlar, ta’lim huquqi kabi dolzarb yo‘nalishlarda axborot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA muxbirlari