Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish qanday amalga oshirilmoqda?
12:32 / 2021-08-17

Toshkentda “Inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish” mavzusiga bag‘ishlangan seminar-trening boshlandi.

Demokratiya va inson huquqlari instituti hamda DVV International, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish Federal vazirligi (BMZ), Yevropa Ittifoqi hamda “Intilish” respublika axborot-ta’lim markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan trening nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga mo‘ljallangan.  

Mazkur treningni o‘tkazishdan maqsad “uchinchi sektor” hisoblangan NNT va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining aholining ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni va  imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan xalqaro standartlar bilan tanishtirish va ularni qo‘llash ko‘nikmasini shakllantirishdan iborat.

Seminarda davlat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida sudlangan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga moslashtirilgan xizmatlar ko‘rsatish hamda ularning  huquqlarini kuzatish rejasini tayyorlash va amalga oshirish masalalari ham muhokama etildi.  

Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva inson huquqlari ta’minlanishida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish borasida uchinchi sektor vakillariga davlat tomonidan yetarlicha huquqiy asos yaratilganini qayd etdi.  

Shuning uchun ham institut o‘z faoliyati davomida respublika bo‘ylab hududlar bo‘yicha faoliyat olib boruvchi NNT vakillarini inson huquqlarini himoya qilish borasidagi milliy va xalqaro normalar bilan tanishtirish orqali ular salohiyatini oshirishga e’tibor qaratmoqda.  

– Inson huquqlarini ta’minlashda jamoatchilik tashkilotlarining o‘rni salmoqli,– dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) kotibiyati mudiri Saidbek Azimov. – Chunki ular ham davlat organlari va tashkilotlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqiga ega. Biz qator NNT bilan murojaatlar bilan ishlashda ham yaxshi hamkorlik aloqalarini o‘rnatganmiz.  Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya a’zolarining aksariyati nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat. Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalariga, tergov hibsxonalarga va boshqa yopiq muassasalariga qilingan monitoring tashriflarida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etilmoqda.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ombudsman hamda Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik guruhi vakillaridan iborat ekspert guruhi 2021 yilning birinchi yarmida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 71 marotaba (2020 yilning birinchi yarmida 41 marotaba) monitoring tashriflari amalga oshirgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.  

Trening doirasida sudlangan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga amaldagi tartib-qoidalar asosida ijtimoiy-maishiy sharoit yaratish sohasida tegishli tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ahamiyati va ularga moslashtirilgan xizmatlar ko‘rsatishga oid masalalar bo‘yicha ham muhokamalar o‘tkazildi.

Uch kunlik seminar-trening interfaol usulda tashkil etilib,  ishtirokchilar faolligi, fikr mulohazalari, amaliy mashg‘ulotlardagi ishtiroki bilan boyitib boriladi. Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.

 

N.Abduraimova, O‘zA