Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tinch-osoyishta hayotni ta’minlashga qaratilgan
15:57 / 2023-12-13

Jenevada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar o‘tkazildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda  mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ham ishtirok etdi.  

Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyo hamjamiyatiga Murojaatnoma yo‘lladi. Unda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi urushlarga barham berish, ziddiyatlarni bartaraf etish hamda dunyo ahli uchun tinch-osoyishta va munosib hayotni ta’minlashga qaratilganiga urg‘u berdi. Hozirda mojarolar kuchayib, qashshoqlik va ochlik ko‘lamlari ortib, tengsizlik tobora chuqurlashib borayotganini qayd etdi.  

Murojaatnoma yakunida Bosh kotib butun jahon ahlini inson huquqlarini har doim, barcha uchun, hamma joyda targ‘ib etishga va hurmat qilishga chaqirdi.  

Shu kuni Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Global alyansi (GANHRI) qator davlatlardagi milliy inson huquqlari institutlari vakillarini bir davraga jamladi. Qozog‘iston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qirg‘iz Respublikalari Ombudsmanlari ishtirok etgan ushbu platformada 2030 yilga qadar inson huquqlarini ta’minlash borasida milliy institutlar oldidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.  

Inson huquqlarini ta’minlash yo‘nalishida o‘z tajribalari bilan bo‘lishgan Ombudsmanlar muhokamalar davomida dunyodagi mojaroli vaziyatlarni tahlil qilib, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini himoya qilish borasida o‘zaro fikr almashdi.  

Tashrif doirasida F.Eshmatova Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Global alyansi (GANHRI) raisi, Qatar milliy inson huquqlari komissiyasi raisi Maryam Abdulla Al Attiya bilan uchrashdi.  

O‘zaro muloqot davomida Ombudsman instituti tomonidan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi, jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazilayotgan monitoring tashriflari va ularda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda OAVning ishtiroki, Milliy preventiv mexanizmning «Ombudsman+» modeli haqida so‘z bordi.  

Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman suhbat davomida hozirda Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha xalqaro “A” maqomini olish bo‘yicha Global alyans tavsiyalari asosida ishlayotganini ma’lum qildi.  

O‘zaro do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashishdi.  

O‘zbekiston Ombudsmani BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha departamenti rahbari Xulan Sedev bilan ham uchrashdi.  

O‘zaro muloqot davomida Ombudsman va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ofisi bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish va kelgusida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar xususida fikr almashdi.  

N.Abduraimova, O‘zA