Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim – inson huquqlarining asosiy himoya mexanizmi
11:00 / 2023-04-06

Inson huquqlari irqi, jinsi, millati, etnik kelib chiqishi, tili, dini va boshqa har qanday holatidan qat’i nazar, barcha insonlarga xos bo‘lgan asosiy, ajralmas, universal va teng huquqlardir.

Bular yashash va erkinlik huquqi, qullik va qiynoqlardan himoyalanish, fikr va so‘z erkinligi, ishlash va ta’lim olish huquqi kabi ko‘plab boshqa huquqlarni o‘z ichiga oladi.  

Garchi bu huquqlarning aksariyati o‘z konsepsiyasida sodda va tushunarli bo‘lishiga qaramasdan, ularning ayrimlari rivojlanish darajasiga qarab dunyoning turli nuqtalarida begonadek tuyulishi mumkindir. 

Buning oldini olishda hamda barcha inson huquqlari umuminsoniy, universal, bo‘linmas va o‘zaro bog‘liq va o‘zaro aloqador ekanligini ta’minlashda ta’limning roli va ahamiyati juda ham muhimdir.  

Ta’lim – bu millatning va davlatning kelajagi uchun qilinadigan eng muhim sarmoyalardan biridir. Bu inson kapitalini shakllantirishning o‘zagi va jamiyat rivojlanishining markazidir. Yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish va qashshoqlik, tengsizlikni kamaytirish uchun turli milliy institutlarda ta’lim va sifatli tadqiqotlarga sarmoya kiritish juda muhimdir.  

8 milliarddan ziyod dunyo aholisining asosiy qismini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etmoqda. Hozirgi zamonda yoshlar demokratik huquqiy davlatlarni qurishi va adolatli fuqarolik jamiyatlarini shakllantirishda ishtirok etishlari uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim ular hayotining ajralmas qismi bo‘lishi juda ham zarur.  

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim, umumiy ta’limdan farqli o‘laroq, umrbod davom etadigan jarayon ekanligini inkor etib bo‘lmasada, insonlar yoshligida yangi bilimlar, g‘oyalar va mafkuralarni yengil va mustahkam o‘zlashtirishlarini hamda yoshlar kattalarga qaraganda yangi ko‘nikma va malakalarni tezroq rivojlantira olishlarini va ularni tengdoshlari orasida kattalarga qaraganda samaraliroq tarqata olishlarini alohida e’tirof etmoq zarurdir.  

Demokratik huquqiy davlat barpo etish ko‘p jihatdan ta’limni tashkil etish darajasiga bog‘liq. Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Ta’lim – demokratiya asosidir” formulasi bu muammoni hal etishda maktab, universitet va o‘qituvchining o‘rni alohida ekanligidan dalolat beradi.  

“O‘qituvchi millatni yaratadi” degan qadimiy naql, bugungi kunda har doimgidan ham dolzarbdir.  

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlari va erkinliklari dunyosiga kirish eshigidir. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim bu inson huquqlari bilan bog‘liq bilim, ko‘nikma va qadriyatlarni shakllantiradigan o‘quv jarayoni.  

O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanib, hozirgi kunda O‘zbekistonda insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari to‘g‘risida xalqaro huquq talablariga deyarli to‘liq javob beraoladigan qonunchilik tizimi shakllangan. O‘zbekiston o‘tgan davrda inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan.  

Shu bilan birga, inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalarni amaliyotda yo‘lga qo‘yishda inson huquqlari sohasidagi ta’limning o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanligi teran anglangan holda, so‘nggi yillarda inson huquqlari bo‘yicha ta’limga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Ta’lim muassasalari uchun “Inson huquqlari” fani bo‘yicha o‘quv kurslari, magistratura yo‘nalishlari ochilmoqda.  

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida ham inson huquqlari bo‘yicha ta’limni samarali tashkil etish masalasi alohida belgilangan.  

Bundan tashqari Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida hamda xalqaro shartnomalar normalari va standartlari, BMTning huquqni himoya qiluvchi tuzilmalari tavsiyalari hamda o‘zbek jamiyatining tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlarini inobatga olgan holda, 2021 yil 7 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyani tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilinib, ushbu Komissiya zimmasiga inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini ishlab chiqish yuklatilgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 46-sessiyasida inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbusi asosida “Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim: Deklaratsiyadan – amaliyotga” shiori ostida 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqandda “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi tashkil etildi hamda ushbu forumning yakuniy hujjati sifatida barcha ishtirokchilarning taklif-tavsiyalari asosida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan “Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi” qabul qilindi.  

Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori alohida ahamiyat kasb etadi. Nega deganda, mazkur Dastur barcha inson huquqlaridan foydalanishga yo‘l ochadigan boshlang‘ich nuqta – ta’lim olish huquqini takomillashtirishga qaratilgan ulkan amaliy qadam bo‘lib hizmat qiladi. 

Ushbu qaror Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash bo‘yicha butun dunyo miqyosidagi kampaniya davrida qabul qilingani ham ulkan ahamiyatga molik.  

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston tashqi xalqaro munosabatlarning teng huquqli a’zosi sifatida o‘zining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi talablari doirasida hamda BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlari bilan hamohang holda rivojlanishi, bu boradagi o‘ziga xos o‘rni va ahamiyati, yanada muhimi, ibratli tajribasini butun dunyoga ko‘rsata oldi.  

Shunday qilib, yaqin kelajakda inson huquqlari sohasidagi ta’lim davlatlar, tegishli xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ularning diniy va madaniy axloqlariga mos keladigan inklyuziv inson huquqlari tizimini ilgari surish uchun barcha darajadagi mustahkam hamkorlik platformasiga aylanishi mumkin.  

 

Oybek Axmadov,  

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi  

Milliy markazi mas’ul xodimi  

O‘zA