French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim global forumi: Samarqand tashabbuslar ro‘yobga chiqadigan maydonga aylanmoqda
10:16 / 2022-12-05

Azim va ko‘hna Samarqand yana jahon tamaddunining ilg‘or va zamonaviy markazlaridan biriga – olamshumul tashabbuslar ro‘yobga chiqadigan maydonga aylanmoqda. Jahon xalqlari uchun do‘stlik va tinchlik timsoli, ilm-fan va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan ushbu tarixiy zaminda shu kunlarda yana bir xalqaro tadbir – 5-6 dekabr kunlari «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum bo‘lib o‘tadi.

Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida Global forum o‘tkazish tashabbusi Prezidentimiz tomonidan BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.  

O‘shanda davlatimiz rahbari Birlashgan millatlar tashkilotining «Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat» tashabbusini ilgari surish uchun BMT Kengashi a’zolari, barcha sheriklarimiz bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishimizni ta’kidlagani bejiz emas.  

Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidentining inson huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘lida taklif etgan ko‘plab tashabbuslari ro‘yobga chiqdi va chiqmoqda.  

Endilikda Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 10 yilligiga bag‘ishlab BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan birgalikda Global forum o‘tkazishga oid Prezidentimiz tashabbusini amalga oshirish arafasida turibmiz. Global forum mavzusi mazkur Deklaratsiyaning nomi bilan bevosita bog‘liqdir.  

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim normalari ko‘plab xalqaro hujjatlarga kiritilgan. Xususan, 2011 yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilingan.  

Deklaratsiya BMTga a’zo davlatlarga inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiyani ta’minlash mas’uliyatini yuklaydi. Mazkur Deklaratsiyaga muvofiq har bir inson va jamiyatning har bir a’zosi ta’lim olish, o‘qitish orqali inson huquqlari va asosi erkinliklarini hurmat qilishga ko‘maklashishi lozim.  

Xuddi shuningdek, har bir inson ta’lim olish huquqiga ega va ta’lim inson shaxsini har tomonlama rivojlantirishga, qadr-qimmatini his etishga, kishilarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchilari bo‘lishiga, barcha millatlar, irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.  

Bundan tashqari, inson huquqlari sohasidagi ta’lim demokratik jamiyat qurish maqsadida huquq va erkinliklarni anglab yetish, ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.  

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda fundamental ahamiyat kasb etadi. Bu insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilish jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhim o‘rin tutadi.  

Samarqand Global forumining asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilishdan iborat.  

Shuningdek, ushbu sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlar taqdimotini tashkil etish, xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish, tavsiyalar ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.  

Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish bilan bog‘liq islohotlar sharoitida inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat, degan tamoyil e’tirof etilmoqda. Shu munosabat bilan yillar davomida amal qilib kelgan «davlat – jamiyat – inson» tamoyili Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida «inson – jamiyat – davlat» tamoyiliga o‘zgartirildi.  

Bularning barchasi, o‘z navbatida, ta’limning o‘ziga xos sohasi hisoblanuvchi inson huquqlari bo‘yicha ta’limni izchil rivojlantirishni taqozo qilmoqda. Bunday ta’lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda birlamchi ahamiyat kasb etadi.  

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar, erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.  

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhim o‘rin tutadi.  

Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya barcha insonlar, ayniqsa, yoshlarni keng qamrab oladigan hayotiy jarayon hisoblanadi. Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiya ana shu ezgu maqsadlarni global ko‘lamda amalga oshirishga qaratilgan.  

 

Rahmatulla Mirzayev,  

Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti dekani, yuridik fanlar nomzodi, dotsent