English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida qanday vazifalar belgilangan?
14:40 / 2023-02-22

QAROR VA IJRO

Mamlakatimizda 2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevral kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlanib, qator vazifalar belgilandi.  

Xo‘sh, ushbu vazifalar nimalardan iborat? Unda qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan? Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Ochilov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:  

"O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida 7 ta asosiy yo‘nalishda vazifalar belgilangan, — deydi O‘tkir Ochilov. — Jumladan, yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirish bo‘yicha birinchi yo‘nalishida “Inson huquqlari” haftaligini o‘tkazish, mutaxassislik yo‘nalishlarini hisobga olgan holda inson huquqlari bo‘yicha o‘quv dasturlar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash, inson huquqlari sohasidagi ta’lim yo‘nalishida innovatsion tanlovlar, o‘quvchi va talabalar uchun yozgi maktab, tanlovlar tashkil etish, ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazish tadbirlari belgilab berilgan.  

Dasturning ikkinchi yo‘nalishida esa davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, uchinchi yo‘nalishida inson huquqlari sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, to‘rtinchi yo‘nalishida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining inson huquqlari sohasida xabardorligini oshirish, beshinchi yo‘nalishida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish, oltinchi yo‘nalishida zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda inson huquqlari sohasida ta’lim-tarbiya berish tizimining samaradorligini oshirish, yettinchi yo‘nalishida esa inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida qator chora-tadbirlar o‘z aksini topgan.  

Har bir yo‘nalishda bir qancha tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Masalan, beshinchi — inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish yo‘nalishida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim yo‘nalishida davlat granti va ijtimoiy buyurtmalar tanlovini joriy qilish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda turkum seminar-trening, davra suhbatlari o‘tkazish kabi tadbirlar o‘tkaziladi.  

Ta’kidlash joizki, 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkazilmoqda. Bu bo‘yicha alohida dastur tasdiqlangan bo‘lib, unda belgilangan tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Jumladan, haftalik doirasida viloyatlar axborot resurs markazlari inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar bilan ta’minlanadi, inson huquqlariga oid turli davra suhbati, ochiq muloqot, konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Viloyatlarda jazoni ijro etish muassasalari vakillari ishtirokida o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Milliy markazimiz tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan inson huquqlari sohasiga oid turli mavzularda tadbirlar tashkil etilmoqda. Ularda mahallalar vakillari onlayn va oflayn shaklda ishtirok etmoqda. Shuningdek, “Inson huquqlari — bolar nigohida” tanloviga start berildi, “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi o‘tkaziladi".  

Bu kabi tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad esa aholining, yoshlarning inson huquqlari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, bu jarayonlardan xabardorligini oshirishdan iborat.  

 

Muhtarama Komilova yozib oldi,  O‘zA