Ukrainaning «Ukrinform» Milliy axborot agentligi veb-sahifasida O‘zbekistonning inson huquqlari himoyasi sohasidagi islohotlari mavzusiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, mazkur maqolada O‘zbekiston keyingi yillar davomida inson huquqlarini himoya qilish sohasida salmoqli natijalarga erishgani qayd etilgan. bugungi kunda mamlakatda inson huquqlarining xalqaro me’yorlarini milliy qonunchilikka hamda huquq-tartibot amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich tatbiq etishning o‘z modeli shakllangani alohida ta’kidlangan.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalarni taqdim etib kelayotgani ham maqolada qalamga olingan.
O‘zbekiston BMT doirasida ilgari surgan tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanayotgani barobarida umumbashariy tinchlik, barqarorlik va izchil rivojlanish, inson huquqlari himoya etilishining ta’minlanishiga salmoqli amaliy hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.
«Mamlakatda demokratiya va inson huquqlarining zamonaviy talablariga javob beradigan barqaror siyosiy tizim yaratilgan, barcha darajadagi qonunchilik, ijro va sud hokimiyati organlari faol ish olib bormoqda. Eng muhimi, o‘zbek jamiyatida qonun ustuvorligi tamoyillariga hurmat o‘z tasdig‘ini topmoqda, inson huquqlari sohasidagi madaniyat shakllanmoqda.
O‘zbekistonda tarixda birinchi marta xalqaro hamjamiyatning keng ishtirokida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Ushbu hujjat inson huquqlari himoyasi mexanizmlarini takomillashtirish hamda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi», deyiladi maqolada.
Shuningdek, 2020 yil 13 oktyabr kuni O‘zbekiston tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lib, uch yillik muddatga – 2021-2023 yillarga saylangani ham qalamga olingan.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xorijiy vakillar va ommaviy axborot vositalarida ham keng e’tirof etilishi har bir yurtdoshimizni faxrlantiradi. Zero, yurtimizdagi inson huquqlari himoyasi borasidagi sa’y-harakatlar barchamizning hayotimizda o‘z ifodasini topayotgani sir emas.
Muhtarama Komilova, O‘zA