French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquqlari sohasida ta’lim: bugun va istiqbol
19:46 / 2021-12-10

Toshkentda 10 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Xalqaro inson huquqlari kuni va Milliy markazning 25 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli anjuman kun tartibidan inson huquqlari sohasida ta’lim milliy dasturi, ta’lim bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari konsorsiumlari, ushbu yo‘nalishda ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish kabi dolzarb masalalar o‘rin olgan.

Konferensiyada BMT tizimidagi tuzilmalar, YeXHT, Yevropa Kengashi, Xalqaro mehnat, migratsiya tashkilotlari, YUNESKO, USAID, Konrad Adenauer, Fridrix Ebert jamg‘armalari, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) rahbarlari, diplomatik korpus, inson huquqlari bo‘yicha xorijiy va milliy institutlar vakillari, fuqarolik jamiyati faollari, olimlar va inson huquqi sohasidagi ta’lim tizimi mutaxassislari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva tadbir ishtirokchilarini qutlab, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.

[gallery-5031]

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Mateo Mikkachi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Per fon Arks, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Rishard Komenda va boshqa nufuzli xalqaro ekspertlar onlayn yoki oflayn tarzda so‘zga chiqib, sayyoramizda inson huquqi bilan bog‘liq masalalar dolzarbligicha qolayotgani, bu borada xalqaro jamoatchilik hamjihat bo‘lib harakat qilishi hamon ustuvor vazifa ekanini ta’kidladilar.

Ikki kunga mo‘ljallangan forumda ishtirokchilar BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi samaradorligini tahlil etishadi. Shuningdek, anjumanda tashkilotning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham sarhisob qilinmoqda.

Ikkita yalpi majlis va bir necha sho‘’ba yig‘ilishida muhokama qilinishi rejalashtirilgan “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusi 30 dan ziyod mahalliy va xorijiy ekspert muhokamasiga qo‘yilgan. Bunda asosiy e’tibor yoshlarning inson huquqi sohasidagi bilimi, ayni yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglar kasbiy tayyorgarligini oshirishga qaratiladi.

Anjumanda Inson huquqi sohasidagi ta’lim milliy dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” matni ham ko‘rib chiqilmoqda. Hujjat loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rasmiy saytiga joylashtirilgan.

Tadbir doirasida “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.

Xalqaro konferensiya 11 dekabr kuni o‘z ishini davom ettiradi.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA