Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquqlari himoyasi yanada mustahkamlanadi
18:19 / 2023-03-29

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda Inson huquqlari bo‘yicha Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senati a’zosi, psixologiya fanlari doktori, professor Abira Husenova hamda Bojxona instituti xodimi, bojxona xizmati podpolkovnigi Nodir Abdusamedovlar ma’ruza qildi.  

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan holda hayotiy zarurat bo‘lgan Konstitutsion islohotlar mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.  

Taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida erishgan yutuqlarimizni, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani, qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlarning kuchayishi va boshqa ijobiy natijalarning konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash zarur bo‘lib, bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish talab etilmoqda.  

Yangilanayotgan Konstitutsiya jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi.  

Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.  

Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanib, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshmoqda.  

Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilanyaptiki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi.  

Yana bir muhim norma – agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanmoqda. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.  

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi ham tarixda ilk bor konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda.  

Qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyaptiki, bularning hammasi mustabid tuzumdan qolgan illatga, qancha yoshlarimizni o‘z orzu-umidlaridan voz kechishga majbur qilgan noinsoniy taqiqlarga chek qo‘yadi.  

Yangilanayotgan Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari faolligi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etilmoqda. Xususan, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda. Ushbu norma jurnalistlarning erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda mamlakatimizda axborot erkinligi yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Pirovardida, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga va so‘z erkinligini ta’minlashga erishiladi.  

Shuningdek, Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlanmoqda. Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.  

Zarif Komilov, O‘zA