Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquqlari faqat qog‘ozda emas – amalda ham himoya qilinadi
22:53 / 2025-04-14

Bir necha kun avval “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ijrosi doirasida Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining 10-sessiyasida 18 nafar fuqaroning uy-joylari va yer uchastkalariga bo‘lgan egalik huquqlarini e’tirof etish bo‘yicha qaror qabul qilingani haqida xabar bergandik.

Kuni kecha Kengash qaroridan kelib chiqib, viloyat hokimi M.Azimov ishtirokida fuqarolarning ko‘chmas mulklariga nisbatan egalik huquqini beruvchi hujjatlarni rasman topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Nishon tumani Jalajin mahallasida yashovchi Dilshod Eshmonov uyini qurganiga 29 yil bo‘lgan. Ammo uy-joyning huquqiy hujjatlari bo‘lmagani sabab, egalik huquqisiz yashab kelgan.  

[gallery-22808]

Ko‘pchilik qatori tadbirda unga ham egalik huquqini beruvchi hujjatlar rasman topshirildi.  

– Uy-joyingning hujjati bo‘lmagach ijaraga turgandek yasharkansan, – deydi Dilshod Eshmonov. – Ilgari shu narsalarga e’tibor qilmagan ekanman, lekin keyingi yillarda angladimki, hujjat baribir kerak ekan. Endilikda, soliqdagi imtiyozlardan, kredit masalasidagi qulayliklardan bemalol foydalanishim mumkin bo‘ladi.  

Shuni kuni fuqarolarning ko‘chmas mulkiga oid egalik huquqlari Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, Nishon tumanidan 14, Chiroqchi tumanidan 3, G‘uzor tumanidan 1 jami 18 nafar fuqaroga egalik huquqini beruvchi hujjatlar tantanali topshirildi.  

Jarayonlar davom etmoqda.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari