Inson huquqlari ustuvor hisoblangan va qadrlangan davlatda ularni himoya qilish mexanizmlari doimo takomillashtirib boriladi. Bunda jamiyatimizda mavjud milliy institutlarning o‘rni beqiyos. Bu borada yana bir tarixiy qadam qo‘yilmoqda – inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga konstitutsiyaviy maqom berilmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 56-moddasida: “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deya belgilanmoqda.
Ma’lumki, fuqaroning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash faqatgina tegishli sudlar orqali emas, balki inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar ko‘magida ham amalga oshiriladi.
BMTning 1993 yildagi rezolyutsiyasi bilan Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomiga oid prinsiplar qabul qilingan. Butun dunyoda “Parij prinsiplari” nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu hujjatda har bir davlatda tashkil etiladigan milliy huquqni himoya qilish institutlarining faoliyatiga oid eng muhim qoidalar belgilangan.
O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Ombudsman huzurida Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi kabi institutlar kiradi. Ularning faoliyati inson huquqlari bo‘yicha xalqaro andozalar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etilgan hamda doimiy ravishda takomillashib bormoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar o‘z faoliyatini huquqiy va amaliy jihatdan mustaqil ravishda olib borishi, o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yetarli kadrlar va moliyaviy resurslarga ega bo‘lishi, tegishli davlat va xalqaro organlar bilan samarali hamkorlik qilishi zarur. Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar fuqarolik jamiyati bilan hamjihatlikda faoliyat yuritadi. Ya’ni, ular har ikki tomondan mustaqil bo‘lib, fuqarolik jamiyati va hukumat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Mazkur qoidalarning Konstitutsiyamizda belgilanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimini yanada mustahkamlaydi, milliy institutlarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Firdavs Sharipov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati